“Sabr” hududlarda gender islohotlariga ko‘maklashyapti

“Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va Nemis Xalq assotsiatsiyasining (DVV) O‘zbekistondagi filiali hamkorlikda “Fuqarolik jamiyati ishtiroki orqali hududlarda gender islohotlariga ko‘maklashish” loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyiha 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan birgalikda moliyalashtirilgan.

Loyiha doirasida Samarqand shahrida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

- Ushbu loyiha Samarqand, Buxoro, Andijon, Sirdaryo viloyatlaridan tanlab olingan mahallalarda amalga oshirilyapti, - deydi “Sabr” markazi direktori Mavludaxon Shirinova. – Samarqand viloyatidan Oqdaryo tumanidagi “Mustaqillik” hamda Urgut tumanidagi “Mergancha” mahallalari tanlab olingan. Ushbu mahallalarda aholi sartaroshlik, qandolatchilik, tikuvchilik, kashtachilik, kompyuter savodxonligi kabi kurslarga o‘qitildi. Shuningdek, ularga inson huquqlari va gender tengligi, biznes va rejalashtirish asoslari hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha treninglar o‘tkazildi. Oqdaryo tumanida 92 nafar, Urgut tumanida 106 nafar tinglovchi kasbiy ko‘nikmalarni egalladi.

Shuningdek, loyiha doirasida kasbiy yo‘naltirilgan kurslar bitiruvchilarining biznes-tashabbuslari ikki siklli tanlov natijasida qo‘llab-quvvatlangan. Oqdaryo tumanida 10 nafar, Urgut tumanida 15 nafar biznes-tashabbuslar moliyalashtirilib, bitiruvchilarning bizneslarini boshlash uchun tikuv mashinalari, pechlar, sartarosh uskunalari hamda noutbuklar sovg‘a qilingan.

“Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi 29 yillik tajribaga ega nodavlat notijorat tashkilotdir. Tashkilotning asosiy maqsadi qonun hujjatlari va ijtimoiy-iqtisodiy innovatsiyalarga muvofiq, demokratik qadriyatlar asosida qishloq joylarda kam ta’minlangan qatlamlarga yordam ko‘rsatishning ekstremental modelini yaratishdan iborat.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarga loyiha doirasida hali bajarilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Xurshida ERNAZAROVA.