Adliya: Kattaqo‘rg‘onda 2018 yilda mulki buzilgan tadbirkorga kompensatsiya undirib berildi
Fuqaro Q.Toshpo‘latova 2004 yildan Kattaqo‘rg‘on tuman “Kattaming” qishlog‘ida joylashgan dorixona binosini qonuniy tarzda sotib olib, u yerda dorixona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Viloyat adliya boshqarmasining zarnews.uz’ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra 2018 yilning iyun oyida tuman hokimligi tomonidan ushbu dorixona binosi buzilib, fuqaroga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va yetkazilgan zarar qoplab berilmagan.
Shundan so‘ng unga tuman hokimining 2019 yil 20 martdagi qarori bilan ushbu hududdan dorixona binosi qurish uchun 150 kv.metr yer maydoni ajratilgan. Biroq Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashining 2021 yil 10 martdagi 25/135-sonli qarori bilan tuman hokimining yuqoridagi qarori bekor qilingan. Lekin qaror nusxasi Q.Toshpo‘latovaga taqdim etilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasida hokimning va quyi Kengashning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qilish vakolati berilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi talabiga ko‘ra, Xalq deputatlari tuman Kengashi yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini bekor qilishga vakolatli emas.
Fuqaro qonuniy huquqlari tiklanishini so‘rab Kattaqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Bo‘lim tomonidan fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritgan. Sud ishni atroflicha ko‘rib chiqib, Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tuman Kengashining 2021 yil 10 martdagi 25/135-sonli qarori haqiqiy emas, deb topgan.