Adolat ko‘ngilga orom beradi, hayotga ishtiyoq uyg‘otadi, bir-birimizni qadrlashga o‘rgatadi

Adolat odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning eng oliy tamoyillaridan biridir. Bu so‘z turli shaxslar, ijtimoiy guruhlarning ahamiyati va mavqei, huquq va majburiyatlari, mehnat va rag‘bat, jinoyat va jazo va boshqalar o‘rtasidagi muvofiqlik talabini o‘z ichiga oladi.

Lug‘atlarda «adolat» so‘ziga odilona va xolisona ish tutish, haqqoniylik, odillik deb izoh berilgan.

Darhaqiqat, bunaqa tutum bor joyda nizo va janjalga, o‘ksinish yoki alamga o‘rin qolmaydi. Inson ochlikka ham, yo‘qchilikka ham chidashi mumkin, biroq adolatsizlikka chiday olmaydi. Bu bor gap va eng ko‘p bor isbotini ko‘rsatayotgan naql.

Adolatning katta-kichigi, ichki-tashqisi bo‘lmaydi. Nafaqat o‘zaro, balki xalqaro munosabatlarda ham adolatsizlik qanday ko‘ngilsizliklarga olib kelayotganini ko‘rib, bilib turibmiz. Binobarin, bugungi kundagi manfaatlar to‘qnashuvida bu unsur yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, ya’ni nafs istagi yoki shuhratga intilish uning mezoniga aylanib borayotganga o‘xshaydi.

Adolatsizlikning oqibati shuki, unga duch kelgan odam kasbidan, ishidan soviydi, jahliga, alamiga erk beradi. Alamzada inson uchun kimdan alamini olishning farqi yo‘q: ko‘ziga hamma yomon ko‘rinaveradi, barchadan ayb axtaraveradi. Ming afsuski, biz bunday holda uning asl sababini izlamaymiz: andisha qilamiz yoki umuman e’tibor bermay qo‘yamiz. Ma’lum bo‘lishicha, o‘z hayotini tartibga sola olmaslik, o‘ziga bo‘lgan munosabat uchun o‘ch olish istagi va unga qarata qilingan adolatsizlik uni bora-bora shu ko‘yga solgan bo‘ladi.

Adolatsizlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning asosi ichki intizom va tarbiyadir. Tarbiyali odam har qanday mansabda ham hammaga bir xil munosabatda bo‘ladi. Tarbiya ko‘rgan odam oddiy vazifada ham o‘z o‘rnini biladi.

Adolatsizlikning yana bir ko‘rinishi birovlarni eshita olmaslikdir, ya’ni kibr va shuhratga intilishdir. Bunday holatda kishi bilib-bilmay atrofdagilarga nisbatan qo‘pollik qiladi. Bu kabi muhit boshqalarda noqulay kayfiyat uyg‘otadi. Oilada ham mehnatu munosabatingni hisobga olmaslik, er-xotinning o‘z huquqi yoki xizmatini pesh qilishi oqibatning darz ketishiga olib keladi.

Adolat - bu har kimning, hamma joyda o‘z iqtidori, mehnati, munosabatiga yarasha qadr topishidir. Albatta, bu oson ish emas, chunki turfa fe’ldagi insonlar orasida munosabatlar ham turlicha bo‘ladi. Ba’zida istagimiz mayli bizni adolatsizlikka undashi ham bor gap, ko‘ngil oromi uchun birovning dilini og‘ritib qo‘yishimiz mumkin. Ammo masalaning eng og‘ir va eng muhim tomoni borki, biz ko‘pincha unga e’tibor bermaymiz. Adolatni talab qilgan odam o‘zi ham insofli bo‘lmog‘i lozim. “Men vazifam, burchimga, maoshimga yarasha ishlayapmanmi? Men birovning haqiga sherik bo‘lmayapmanmi? Men birovning ko‘nglini besabab og‘ritib qo‘ymadimmi?", degan savollar hamisha xayolimizda bo‘lishi shart.

Shu o‘rinda yozuvchi Nazar  Eshonqulning «Mendan «Men»gacha» to‘plamidagi “G‘arb faylasuflari va olimlarining aniqlashicha, odamdagi eng zaif tuyg‘u uning adolatparastligidir”, - degan sitatasini ko‘chirib olishga jazm qildim.

Adolat ko‘ngilga orom beradi, hayotga ishtiyoq uyg‘otadi, bir-birimizni qadrlashga o‘rgatadi. Shunday ekan, adolatli bo‘laylik.

Bahora Muhammadiyeva.