“Adolat” partiyasidan saylangan deputatlar saylovoldidan berilgan va’dalarni qay tariqa amalga oshiradi?
Deputatlar bu savolga o‘rin qoldirmaslik uchun faol ish olib bormoqda.
Xususan, xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Kamola Abduvohidova Qo‘lbosti mahalla fuqarolari yig‘inidagi aholi bilan uchrashib, odamlarning yashash sharoitlari, ularni o‘ylantirayotgan masalalar bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, mahalladagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida isitish tizimi yaxshi ishlamasligi, ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, atrofdagi ichki yo‘llar ta’mirlanmaganligi sababli, yozda tuproq, qishda esa loy bo‘lib o‘quvchlar uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani aholi tomonidan ta’kidlandi.
Shuningdek, qishloqdagi mavjud transformator iste’molchilar uchun yetarli emasligi, ayni sovuq kunlarda elektr energiyasiga ehtiyoj oshishi natijasida yuklanishni ko‘tarolmayotgani, oqibatda elektr jihozlari ishdan chiqayotgani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, qishloq ahli farzandlari uchun maktabgacha ta’lim muassasasi zarurligini bildirishdi.
Kamola Abduvohidova deputatlik vakolatidan kelib chiqib, mutasaddi tashkilotlar e’tiborini mazkur masalalarga qaratishini qayd etdi. U shu kunning o‘zidayoq tuman elektr tarmoqlari korxonasiga, tuman xalq ta’limi bo‘limiga, tuman maktabgacha ta’lim boshqarmasiga hamda tuman hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga deputatlik so‘rovlari chiqarib, ijrosini nazoratga oldi.
“Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi matbuot xizmati.