Adolat sari ochilgan ishonchli yo‘l
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonda sud-huquq tizimini tubdan isloh etish, uni yanada demokratlashtirish hamda adolat mezonlariga yaqinlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Xususan, 2026 yildan boshlab elektron hukumat platformasini yangilash, “raqamli sud” konsepsiyasini joriy etish va tergov jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilgan.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan sudyalarni tanlash va tayinlash jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi hamda unga konstitutsiyaviy maqom berildi. Bu esa sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim institutsional qadam bo‘ldi.
Prezidentning 2025 yil 24 noyabrdagi farmoniga muvofiq, sudyalarni avval besh yillik muddatga, keyin esa muddatsiz tayinlash tartibi joriy etildi. Mazkur yangiliklar sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini kafolatlashga, sud faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etishga hamda har qanday ma’muriy bosimlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishda huquqiy targ‘ibot ishlari, xususan, sayyor sud majlislarining ahamiyati beqiyosdir. Jumladan, o‘tgan yil mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida 288 ta jinoyat ishi va 3404 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilib, shundan 552 tasi sayyor sud tartibida o‘tkazildi.
Kelgusida ham odil sudlovni ta’minlash yo‘lidagi islohotlar izchil davom ettiriladi. Zero, odil sud — adolat qo‘rg‘oni va jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.

Farrux Muhammadiyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi tergov sudyasi.