Afg‘onistonda xorijiy valyuta operatsiyalari taqiqlandi
Afg‘onistonni nazorat qiluvchi Tolibon harakati mamlakatda xorijiy valyuta operatsiyalarini taqiqlashini ma’lum qildi.
“Afg‘oniston Islom Amirligi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra (Tolibon o‘z hukumatini shunday ataydi) yer, uy, do‘kon, bozor, kvartira, asbob-uskuna, transport vositalarini sotib olish va sotish, ijara va xorijiy valyutasiga asoslangan ipotekalar qat’iyan man etiladi", - deyiladi Ichki ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda.
"Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi viloyatlardagi barcha ichki ishlar boshqarma va razvedka xizmatlarini doimiy nazorat qilib borish, bunday holatlarning oldini olishini ta’kidlaydi. Qoidabuzarlar shariat va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qattiq jazolanadi”, deyiladi hujjatda.
"Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va milliy manfaatlar barcha afg‘onlar har qanday bitimda faqat afgani (Afg‘oniston valyutasi)da foydalanishini talab qiladi. Islom Amirligi barcha fuqarolar, do‘kondorlar, tadbirkorlardan moliyaviy operatsiyalarda afganida foydalanishlarini va xorijiy valyutadan voz kechishlarini talab qiladi ”, dedi Tolibon vakili Twitterdagi bayonotida.
Avvalroq Tolo News telekanali xabardor manbalarga tayanib, Afg‘oniston Markaziy banki mamlakatda kam bo‘lgan AQSh dollarini tejash maqsadida pul o‘tkazmalarini faqat milliy valyutada chiqarish to‘g‘risida farmon chiqarganini xabar qilgandi.
Tolibon Kobul ustidan nazorat o‘rnatgach, G‘arb banklari AQSh buyrug‘i bilan Afg‘onistonning xorijiy aktivlarini muzlatib qo‘ydi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatdi. O‘shanda Afg‘oniston Davlat bankining aktivlari xorijiy valyutada 9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 7 milliard dollardan ortig‘i AQSh banklarida bo‘lgan.