Afg‘onistonlik shoirlar samarqandlik ijodkorlar bilan mushoiraga kirishdi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyatining yozuvchi va jurnalistlari Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar viloyat Matbuot uyida bo‘lib, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" hamda "Ovozi Samarqand" gazetalari tahririyatlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, “Samarqand matbuoti tarixi” muzeyini tomosha qildi.
So‘ngra “Tarix va sivilizatsiya zaminiga safar” nomli mushoira uyushtirildi. Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi. Unda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan shoirlar, jurnalistlar ishtirok etdi. Mushoirada yangragan she’rlar tarjimasiz ham barchaga tushunarli bo‘ldi.
- Dinimiz bitta, tilimiz yaqin, shu bois ijodimiz ham hamohang, - deydi o‘zbek tilida ijod qiluvchi afg‘onistonlik shoir, jurnalist Qiyomiddin Qot’ye. – O‘zbekistondagi bunyodkorlik ishlariga havasimiz keldi. Samarqandning tarixiy obidalari va xalqingizning ijodga, xususan, adabiyot va san’atga oshuftaligi hayratimizni oshirdi. Tashrifimizdan maqsadimiz ikki davlat o‘rtasidagi madaniy, adabiy, ijodiy, ilmiy-tarixiy aloqalarni mutahkamlash, O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, o‘zbek xalqining milliy urf-odatlari to‘g‘risida turkum reportaj va maqolalar tayyorlash edi. Yurtingizga ikki haftalik safarimiz davomida bunga erishamiz.
Mushoira davomida dariy tilida ijod qiluvchi yozuvchi va shoir, Mujir Vahob, adabiyot taqrizchisi Abdulqodir Misboh, shoir va qo‘shiqchi Joved Jahonju, jurnalist, teleoperator Basir Obid hamda “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Faxriddin Hayit, shoira Zuhra Begim, Hamida Karimova, Dilorom Salohiy va yosh shoira qizlar o‘z ijod namunalaridan o‘qishdi.
Mehmonlarga samarqandlik shoir va jurnalistlarning kitoblari sovg‘a qilindi.
Husan Eltoyev.