“Afrosiyob” elektropoyezdi yo‘l sozlovchini bosib ketgani yuzasidan ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqda Samarqandda “Afrosiyob” elektropoyezdi bir kishini bosib ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2023 yil 27 dekabr kuni taxminan soat 11:26 lar atrofida “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK ga qarashli Juma-Kattaqo‘rg‘on temir yo‘l bekatlar oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Shu yo‘lda temir yo‘ldagi kamchilikni bartaraf etish maqsadida ish rahbari, yo‘l ustasi v.b. Sh.Meyliyev boshchiligidagi 9 nafar yo‘l sozlovchilar birgalikda joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirishgan.
Yo‘l sozlovchi M.Shodiyorov yo‘l brigadiri tomonidan berilgan ogohlantirish ishoralariga qaramay temir yo‘l izi ichi orqali brigada oldiga qaytgan. U ortidan kelayotgan “Afrosiyob” elektropoyezdi mashinisti tomonidan berilgan ogohlantirish signalini eshitmagan.
Natijada, Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan 770-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi yo‘l sozlovchi M.Shodiyorovni urib ketgan. Oqibatda, u voqea joyida vafot etgan.
Ta’kidlanishicha, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.