Afsonaviy Sin armiyasining siri

Bundan 45 yil ilgari, ya’ni 1974 yilda Xitoyning Shansi viloyatida topilgan qadimgi afsonaviy loydan yasalgan jangchilar qabristoni nafaqat arxeolog-olimlarni balki,  butun dunyo ahlini hanuz lol qoldirib kelmoqda.

Chin yurti zamini o‘z bag‘rida hamon qadimiy va boy tarixini saqlab keladi. Buyuk Xitoy devori ortida joylashgan shaharlarni qadimgi budda ibodatxonalari, imperator saroylari, ko‘p qavatli uylari bezab turibdi.

“Yurtimiz qadim sivilizatsiyasining bilishimiz uchun birozgina chuqur kovlasak kifoya”, deya hazillashishadi xitoyliklarning o‘zlari. Aslida bu haqiqat. Chunki yer ostida qanchadan qancha xalqlarning madaniyatlari, sir-sinoatlar yashiringan.

1974 yilda bir necha siamlik dehqonlar yangi quduq qazib suv chiqarish uchun Lishan tog‘iga borishadi. Qazish ishlari endi avjiga chiqqan paytda suv o‘rniga ular g‘alati loydan yasalgan bosh chanoqlarini topib olishganda hayratlarini yashirolmadilar. Ammo, qiziqishlari oshib, zo‘r berib yerni qazishga tushishdi. Natijada yana bir necha o‘nlab loy haykallar topildi. Ularning ayrimlari juda yaxshi saqlangan bo‘lsa-da, ichida ikkiga bo‘linib ketganlari ham bor edi.   

Shunday qilib, sayyoramizdagi eng muhim arxyeologik kashfiyotlarning biri, dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi – eramizdan avvalgi 259-210 yillarda yashagan imperator Sin Shixuandining terakota armiyasi topilganligi haqidagi xabarlar butun dunyoga tarqaldi.

Buyuk kashfiyotdan xabar topgan xitoylik arxeologlar qazish ishlarini uch bosqichda, juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshira boshlashdi. Chunki tezkorlik bilan kovlash ishlari natijasida eksponatlar buzilishi xavfi mavjud edi. Birinchi bosqich 1974 yildan 1984 yilgacha, ikkinchisi 1985-1986 yillarda o‘tkazildi. 2009 yildan boshlangan uchinchi bosqich qazishma ishlari bugungi kungacha davom etmoqda. Hozirgacha olimlar tuproqdan yasalgan 8099 ta jangchi haykallarini topdilar. Ular Xitoyning birinchi imperatori Sin Shixuandining qabridan 1,5 kilometr sharqda uch qator bo‘lib saf tortgan holda joylashgan.

Sin Shixuandi tarixga Xitoyda mavjud bo‘lgan yuzlab mayda davlatlarni yagona, qudratli davlatga birlashtira olgan hukmdor sifatida bitilgan. Aynan uning amri bilan mamlakatni shimolda joylashgan urushqoq qabilalar bosqinidan himoya qilish uchun Buyuk Xitoy devori qurilishi boshlandi. Sayyohlarni haligacha o‘zining go‘zalligi va mahobati bilan hayratga solib kelayotgan, qanchalar sirlarni o‘z bag‘rida saqlayotgan ulkan maqbara ham ushbu buyuk imperator davrida qurila boshlandi.

Imperator vafot yetgach, tantanali marosim o‘tkazilgan va u bilan birga qarindoshlari, xotinlari, qo‘riqchilari, xizmatkorlari o‘z oilalari bilan jami 70 mingga yaqin odam tiriklay qabrga ko‘mildi.

Birinchi imperator va uning yaqinlarini narigi dunyoda ham dushmanlardan himoya qilish uchun minglab jangchilarni ham yer ostiga ko‘mishlari kerak edi. Ammo, saroy ayonlari mamlakat uchun tahlikali bir payt bo‘lib turgan vaqtda har bir askar suv va havodek zarur bo‘lganidan yer ostiga ularning haykallarini ko‘mishga qaror qilishdi. Ular har bir jangchining asliga qarab aynan nusxasini yasashga kelishishdi. Minglab haykaltaroshlar haykallar ustida yuksak mahorat bilan ishlaganligini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, jangovor kiyim va qurollar, yuz tuzilishi va soch turmaklariga ham katta ahamiyat berilgan. Ikki metrdan uzun qilib ishlangan loy haykallarni ko‘rgan odamning badani seskanadi. Chunki birortasining yuzi boshqasinikiga o‘xshamaydi, qarshingizda xuddi tirik harbiylar turgandek taassurot qoldiradi. Hatto  maxsus kompyuter dasturi yordamida tekshirib ko‘rilganda ham birorta o‘xshashlik topilmadi.

Mingga yaqin hunarmandlar tomonidan 11 yil davomida tiklangan jangchilar orasida oddiy piyodalar, kamonchilar, otliq chavandozlar ham bor. Ular jangga tayyor holda saf tortib turishibdi. Qo‘llarida esa haqiqiy qurollar bor. To‘g‘ri, yog‘och kamon va o‘qlar vaqt o‘tishi bilan chirib, sinib ketgan, ammo, arbalet, nayza va qilichlar juda yaxshi saqlanib qolgan. Shuni aytib o‘tish kerakki, ayrim jangchilarning qurollari yo‘q. Olimlarning ular imperator Sin Shixuandining o‘g‘li hukmronlik qilgan davrda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon vaqtda qishloq ahli tomonidan o‘g‘irlanganini aytishmoqda.

Loy jangchilar bo‘laklarga bo‘lgan holda qo‘lda tayyorlanib, keyinchalik qismlarga birlashtirilgan. Haykallar olovda toblangani uchun terakota armiyasi deb nom berilgan. Askarlar ranglar bilan bo‘yalgan bo‘lib, afsuski, vaqt o‘tishi bilan ular biroz xira tortgan. Faqat qayta ta’mirdan chiqqanlarigina haqiqiy ko‘rinishiga ega bo‘lgan.

Olimlar haykallar turli joylarda o‘rnatilgan bo‘lib, otlarning og‘irligi 200 kilogramm, jangchilarning haykallari esa 135 kilogrammni tashkil etishini aniqladilar. Shuningdek, qabristonda davlat ayonlari, musiqachilar va akrobatlar ham borligi aniqlandi. Bundan tashqari, yer osti saroyida yuzlab mis va oltin aralashtirilgan jangovar bronza aravalari ham bor edi. Shuningdek, imperator armiyasi yog‘och aravalar bilan ham qurollangan bo‘lib bugungi kungacha ular saqlanib qolmagan.

Bugungi kunda terrakota jangchilari Xitoyning davlat ob’yektlari va YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib dunyodagi eng mashhur obidalardan biridir. Yer osti armiyasi topilgan 16 gektarlik qazilma maydonida katta muzey ekspozitsiyasi tashkil etilgan. Muzey va uning 3 ta pavilonlarida qazish ishlari davom etmoqda.

Terrakota jangchilariga tegishli bo‘lgan texnika va hunarmandchilik buyumlari miloddan avvalgi III ming yillikka tegishli bo‘lib, o‘sha davrda Xitoyda haykaltaroshlik san’ati yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi. Mazkur arxeologik qazilmalar topilgach, Xitoyning madaniyati va san’atining gullab-yashnashi Sin davridan bir necha asrdan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Tang sulolasi davrida boshlangan, degan farazlar mavjud edi. Ammo, olimlar qazishma maydonchasida shov-shuvli kashfiyotlar qilishda davom etishmoqda, ammo ular hali 700 ming kishi tomonidan barpo etilgan Xitoyning birinchi imperatorining maqbarasini tekshirishga qo‘l urganlari yo‘q. Bilmadik, asrlar osha qad rostlab turgan ushbu qadimiy maqbara o‘z bag‘rida yana qanday noma’lum sirlarni yashirib turgan ekan?

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.