Afv - insonparvarlik va bag‘rikenglik ifodasi

Kechirimlilik, mehr muruvvat, xalqimizga xos azaliy odat. Adashib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoiy oqibatlarini tushunib yetgan bir guruh shaxslarning kelgusidagi hayot yo‘llarida ulkan imkoniyatlar yaratish sud-huquq sohasida insonparvarlik tamoyiliga asoslangan islohotlardir.
Yurtboshimizning 2020 yil 4 dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, jazoni o‘tash joylarida jazo o‘tayotgan bir guruh mahkumlar afv etilib, jazodan ozod qilindi. Samarqand viloyatida ham bu xayrli ish davom ettirildi. Viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tab kelayotgan 8 nafar qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarga nisbatan afv e’lon qilinib, ularning 5 nafari jazodan ozod qilindi. 3 nafarining jazosi yarmiga qisqartirildi.
3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan K.Mannanov o‘talmay qolgan salkam 1 yillik jazodan Prezident farmoniga asosan muddatidan ilgari ozod qilinib, oilasi, 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bag‘riga qaytdi.
Endigina 23 yoshni qarshi olgan paytda jinoyat sodir etib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan A.Jakbarov ham o‘talmay qolgan 2 yil 4 oy jazodan muddatidan ilgari ozod qilindi.
Bugun ular ushbu farmonga asosan o‘talmay qolgan jazodan ozod etilib yoki jazosi yengilrog‘iga almashtirilib oilasi bag‘riga qaytarildi. Bu esa nafaqat ushbu jazodan ozod qilingan shaxslarga, balki ularning oilasiga, farzandlariga ham cheksiz quvonch ulashdi.
G‘olib ABDURAHMONOV,
Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.