Agar tarbiyalash kerak bo‘lsa, o‘zingizni tarbiya qiling: Bolalarni uvol qilyapsizlar!
- Bolam, she’r yodlay olmaydi, - deydi bir tanish ayol. – Kichik duolarni o‘rgatmoqchi bo‘laman, befoyda, hech biri yodida qolmaydi...
O‘sha bolakay bilan suhbatlashaman. Televizorda beriladigan hamma reklama matnlarini yod bilar ekan. Multfilm qahramonlari dialoglarini-ku suv qilib ichvoribdi, hatto ovozlarigacha o‘xshatib beradi.
- Televizorning tagidan turmaydi, - shikoyat qiladi ona. – Na otasining, na mening gapimni oladi...
Nohaqsiz, ona! Bola aynan sizning tarbiyangizni olgan! Qorningizdan televizor bilan tushmagan-ku!
Hali go‘dakligidayoq uni teleekran qarshisiga o‘tqazib qo‘yib, bo‘tqa yedirganlaringiz esingizdan chiqdimi? U yemak yeyayotgan vaqtda sizga emas, ekranga ko‘proq boqardi; sizning emas, ekrandagilarning harakatlarini kuzatardi; sizning emas, ekrandagilarning suhbatlarini (garchi tushunmasa ham) eshitardi. Uning jimgina multfilm ko‘rib o‘tirganidan quvonib, uy ishlarini qilib olardingiz. Muhimi, to‘polon qilmay o‘tirsa bo‘ldi! Esingizdami?
To‘g‘ri, uni siz tug‘dingiz, katta qilyapsiz, lekin miyasiga, ongiga televizor egalik qilyapti. Teleekran qahramonlari sizning bolangizning nutqini boshqaryapti, farqiga boryapsizmi? E’tibor qilyapsizmi, u otasiga o‘xshab emas, multfilm qahramonlariga o‘xshab gapiryapti. Otasidan ko‘ra ko‘proq «O‘rgimchak odam»ga, «Betmen»ga havas qiladi u. Uning dunyosi, maslahatchisi, orzular oshyoni – televizorda!
Xotinlar bilan gaplashib o‘tirganingizda nuqul seriallar qahramonlarini muhokama qilasiz, aktyorlarning chiroyini, kiyinish tarzini og‘zingizdan bol tomib maqtaysiz, buni etagingizga o‘ralashib o‘tirgan bolangiz eshitib, ko‘rib turibdi.
Uning tarbiyasi bilan shug‘ullanish, unga kitoblar o‘qib berish o‘rniga, qo‘shni xotinlar bilan ko‘chada oyog‘ingizni bamaylixotir uzatib olgancha, eringizni, qaynonangizni g‘iybat qilasiz. Yangi chiqqan matolar, yangi «moda»lar haqida soatlab gaplashasiz. Gap-gashtaklar muhokamasini ham eshitadi u. Har bir gapingizni, fikringizni moychiroq piligi singari o‘ziga shimib oladi. Undan yozg‘irmang. U sizning mahsulingiz!
Agar shikoyat qilish kerak bo‘lsa, o‘zingizdan shikoyat qiling.
Agar nolish kerak bo‘lsa, o‘zingizdan noling.
Agar tarbiyalash kerak bo‘lsa, o‘zingizni tarbiya qiling.
Bolani uvol qilyapsiz.
...Bolalarni uvol qilyapsizlar!
Dilfuza KOMIL.