“AGRO PRO EXPO-2025”: Dehqonchilikdagi yangi texnologiya va ishlanmalar bir joyda jam bo‘ldi

Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida agronomiya sohasidagi mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

To‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan “AGRO PRO EXPO-2025” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning barcha hududlari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya, Eron, Niderlandiya, Xitoy va boshqa MDH davlatlarining 110 dan ortiq yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirok etmoqda hamda o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etyapti.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazmada 73 ta korxona o‘z mahsulotlari bilan qatnashgan va 6 ming qiziquvchi ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyurib, 40 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolangan. Shuningdek, 15 ga yaqin xorijiy korxonalar ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilgi ko‘rgazmada ular soni 20 ga yaqinlashdi. Bu yilgi ko‘rgazmaga esa 10 mingdan ortiq qiziquvchi kelishi va salmoqli sharnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Mazkur ko‘rgazma agrar sohadagi yetakchi ekspertlar, ishlab chiqaruvchilar yetkazib beruvchilar ishtirokida sohadagi eng so‘nggi yutuqlarni namoyish etish, tajriba almashish va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.

Bu yilgi ko‘rgazmada mutaxassislar tomonidan qishloq xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni jalb etishdagi ishlanmalar, serhosil va kasallikka chidamli urug‘lar, muqobil energiya vositalari yordamida sug‘orish texnologiyalari, o‘rish-yig‘ish, saralash va qadoqlash texnikalari, tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish usullariga e’tibor qaratmoqda.

-  Biz ushbu ko‘rgazada ilk bor qatnashyapmiz va korxonamiz Xitoyning qishloq xo‘jaligi ekinlarini dronlar yordamida sug‘orishga ixtisoslashgan dunyodagi yetakchi “Dji” kompaniyasining Buxoro viloyatida joylashgan vakili hisoblanadi, - deydi “Merganteks” klaster korxonasi direktori Nurali O‘rinov. – Bu dronlar Xitoy texnologiyasi asosida paxta xomashyosi yetishtirishda qo‘l mehnatisiz paxtadan yuqori hosil olishdagi asosiy bo‘g‘in hisoblanadi. Ekologiyaga zararsiz bo‘lgan ushbu dronlar bittasi bir kunda 100 gektar maydonni granula va suyuq o‘g‘itlar bilan oziqlantirish mumkin. Ya’ni, sholi, paxta, makkajo‘xori, bug‘doy, daraxtlar, har qanday qiyaliklardagi ekinlar, texnikada ishlov berish imkonsiz maydonlar, lalmi yerlarda ishlatish mumkin. Samarqand viloyatidagi klaster korxonalari bilan ham kelishuvlar tuzilib, 20 ta dron yetkazib berish bo‘yicha buyurtma oldik. Ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir muhim jihati, dronga servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha ham hamkorlik qilamiz va 500 dan ortiq ehtiyot qismlarini yetkazib beramiz.

Bundan tashqari, korxonamiz tomonidan Xitoy texnologiyasiga asoslangan serhosil va unuvchanligi to‘liq bo‘lgan va 70-90 sentnergacha hosil olish mumkin bo‘lgan g‘o‘za urug‘larini ham taklif etyapmiz. Yana o‘zimiz sinovdan o‘tkazib hosildorligi 106 sentnerni tashkil etgan bug‘doy navlarini ham dehqonlarga taqdim etyapmiz.        

Mazkur ko‘rgazmada 10 turdan ortiq 85 dan ziyod texnika, 5 ta kombayn ishlab chiqaruvchisi, 30 ta traktor, o‘g‘it, urug‘lar namoyish etilmoqda. Shuningdek,  asalarichilik, agroximiya, sug‘orish tizimlari, chorvachilik veterinariya preparatlari, qayta ishlash, in-vitro laboratoriyalar, davlat xizmatlari, konsalting tashkilotlari, issiqxona xo‘jaliklari, ta’lim muassasalari, parrandachilik uskunalari va ozuqalari, quyosh panellari ham taqdim etilmoqda.

-  Korxonamiz Xitoydan keltirilgan yangi avloddagi quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi, - deydi “Sam Solar” kompaniyasi menejeri Murod Jo‘raqulov. – Elektr energiyasining narxi oshgandan so‘ng xonadon, zavodlar, do‘konlar va ayniqsa, havo tarmog‘i tortish imkoni bo‘lmagan joylarga muqobil energiyadan foydalanib suv chiqarish uskunalarini o‘rnatishga talab ortgan. Biz hozirda quyosh panellarini kilovatt soatini 5-6 million so‘mdan bir yil kafolati bilan o‘rnatyapmiz. Xonadonlar va nasos uskunalari uchun ikki yil kafolat muddati beriladi. Yana liftlar, mehmonxonalar uchun 3 fazalik akkumulyutorli tizim o‘rnatishga ham qiziquvchi tadbirkorlarimiz ham bor. Elektr energiyasini tejash uchun o‘rnatilgan limitdan so‘ng xonadon, do‘konlardan akkumulyatorsiz quyosh panellari o‘rnatishga buyurtma ko‘paydi. Yana dehqonlarimiz tomonidan elektr energiyasi bormaydigan maydonlarga suv chiqarish uchun “izgrid” tizimidagi panellar o‘rnatishga qiziqish yuqori bo‘lmoqda. Bu tizim quyoshsiz, bulutli havoda ham 70 metrgacha chuqurlikdan suv chiqarib beradi. Bu tizimga viloyatimiz tumanlaridan tashqari, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlaridan ham buyurtmalar tushmoqda.

Ko‘rgazma doirasida yarim kunda shu tizimni o‘rnatish bo‘yicha 6 ta buyurtma oldik. Bu sohadagi yangiliklardan biri avvalgi quyosh panellari bir tomonlama va 10 ta yacheykadan iborat edi. Hozirda texnologiyalar takomillashtirilib, 16 ta yacheykali va ikki tomonlama ishlaydigan quyosh panellari bo‘lganligi uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish darajasi ham yuqori bo‘lmoqda. Shu bois, bu tizimga qiziquvchilar ham ortib bormoqda. Yana quyosh nuri yordamida yoz mavsumida 98 darajagacha, qish mavsumida 30-40 darajagacha suvni isitadigan uskunaga ham qiziqish yuqori bo‘lmoqda. Bu uskunaga aholi xonadonlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, umumiy ovqatlanish yo‘nalishidagi tadbirkorlardan qiziqish ortmoqda.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ishtirok etdi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Feruz Yaxshiboyev (foto).