"Agrobank"ning Qo‘shrabot tumani filiali mijoz uchun "ishlamas" ekan

Yurtimizdagi banklar «Bank mijoz uchun, mijoz bank uchun emas» degan shior bilan xizmat ko‘rsatadi. Binobarin, ko‘plab banklar bu tamoyilga og‘ishmay amal qilib kelmoqda va mijozlarning haqqoniy olqishiga sazovor ham bo‘lmoqda.

Biroq "Agrobank"ning Qo‘shrabot tuman filialiga bu tamoyil hali-hamon to‘liq yetib kelmagan ko‘rinadi. Chunki bu yerga ishi tushib qadam ranjida qilgan kishi osongina chiqib keta olmaydi: kassalar hamisha tirband, turtingan-uringan, xunobi oshgan odamlar orasida qolib ketishingiz tayin.

Xususan, dushanba kuni kirim kassasi oldida o‘nlab odamlar uymalashib turibdi. O‘rindiqlarda esa undan-da ko‘proq mijozlar navbat kutishardi. Surishtirib bilsam, jami 80 nafar mijoz bor ekan. Kaminaning o‘zi shular orasida 78 o‘rinni egallabman. Endi o‘ylab ko‘ring, har bir mijozga loaqal 3 daqiqadan vaqt ketsa, oxirgi o‘rinda ilhaq bo‘lib kutib o‘tirgan mijozga qancha vaqt ketishini hisoblab chiqish qiyin emas. Vaqt esa oltindan qimmat...

Kassa oldidagi tirbandlikni kamaytirish chorasini ko‘rish, buning uchun qo‘shimcha kassirlar tayinlash taklifi bilan filial boshqaruvchisining o‘rinbosari To‘lqin Absalimovga murojaat qildik. U vujudga kelgan noqulaylik uchun mijozlardan uzr so‘rash, vaziyatni zudlik bilan o‘nglash o‘rniga:

– Qani, aytingchi, O‘zbekistonda qayerda navbat yo‘q, hamma joyda navbat, hatto Prezident qabulida ham navbat bor, – deya mantiqsiz iddao qildi.

Shu bilan u bankda har kuni sodir bo‘layotgan tirbandlik, mijozlarning qimmatli vaqti behuda sovrilayotganini xaspo‘shlamoqchi, uzun navbatlar esa normal holat ekanini bayon etmoqchi bo‘ldi.

Albatta, biz uning bu dohiyona fikrlariga qo‘shilmadik. "Agrobank"ning viloyat boshqarmasidagi mutasaddilar bu fikrga qo‘shiladilarmi yoki rad etadilarmi, bizga shunisi muhim.

Bobo Saroiy,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.