Aholi salomatligi uchun xavfsiz yoki zararli mahsulotlar maxsus tamg‘alanadi
«Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorida qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alash ikki bosqichda joriy etiladi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab:
➖ oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
➖ xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi imtiyozli tariflar asosida tarqatiladi (joylashtiriladi);
➖ ta’lim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday mahsulotlarni realizatsiya qilish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi;
2025 yil 1 yanvardan boshlab respublika hududida realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va mahalliy ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan majburiy tartibda tamg‘alanadi.
Bunda tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdorini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini belgilash davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.