Aholiga eng yaqin o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obro‘si va mavqeini oshirishga alohida urg‘u beramiz

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi davom etmoqda:

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

2021 yil uchun yana bir muhim yo‘nalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Ikkinchidan, ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibor. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.

Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Uchinchidan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur.

Bu borada birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinadi.

Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli ta’minlash tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda birlamchi bo‘g‘in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta oilaviy shifokor punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million so‘mdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan ta’minlanadi.

Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratiladi.

Aholiga eng yaqin, uning salomatligi bilan bevosita shug‘ullanadigan o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obro‘si va mavqeini oshirishga alohida urg‘u beramiz.

Jumladan, 47 ta Ibn Sino texnikumini har yili bitiradigan 20 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz tibbiyotning bir nechta sohalarida kasb egasi bo‘lib chiqadi.

Shuningdek, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish uchun ruxsat beriladi.

To‘rtinchidan, hozirgi kunda 12 mingdan ziyod fuqarolarimiz oq qon va og‘ir irsiy gematologik kasallikdan aziyat chekmoqda. Shu sababli kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard so‘m ajratiladi.

O‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq bemor esa ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinadi va shu maqsadlar uchun byudjetdan 140 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, endokrin kasalliklarni aniqlash va davolash maqsadida hududiy shifoxonalarda maxsus bo‘limlar tashkil etiladi. Buning uchun 2021 yilda byudjetdan 150 milliard so‘m ajratiladi.

Yana bir masala – aholimizning katta qismini qiynaydigan o‘tkir qon-tomir kasalliklari bo‘yicha 35 ta tumanlararo markaz tashkil etamiz. Ushbu markazlar aholiga infarkt va insult holatlarida tezkor va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish orqali o‘lim va nogironlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa har yili kamida 30 ming nafar insonning hayoti saqlab qolinadi.

Beshinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish aholi salomatligini ta’minlashda muhim omildir.

Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi.

Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.

Sport haqida gapirganda, yana bir muhim vazifa oldimizda turganini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yaqinda Osiyo olimpiya kengashi 2025 yilda Yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga ko‘rsatilgan katta ishonch, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Ayni vaqtda, buning mas’uliyati ham katta ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qit’amiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.

Oltinchidan, xalqimizning madaniy-ma’rifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Bunda madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat ob’yekti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Toshkent shahrining markazida – Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Ando loyihasi asosida yangi san’at muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va ma’rifat majmuasini barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.

Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlab poytaxtimiz markazida “Istiqlol” majmuasi qad rostlaydi.

Ilgari ko‘p yillar davomida o‘tkazib kelingan Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tashkil etiladi.

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Boy tariximiz durdonasi bo‘lgan 7 mingdan ziyod madaniy meros ob’yektini asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur. Afsuski, keyingi paytlarda bebaho madaniy merosimiz bo‘lgan ayrim obidalarimizga zarar yetkazish holatlari uchrayotgani bu borada e’tibor susayganidan dalolat beradi. 

Bu ish nafaqat Madaniyat vazirligi, balki mahalliy hokimliklar, mahalla, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning ham diqqat markazida bo‘lishi kerak.

Hukumat bir oy muddatda madaniy meros ob’yektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilishi lozim.