AI-91 benzinining birjadagi narxi qimmatlashdi
2019 yil 25–29 noyabr kunlari O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra, birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi ustuvor ravishda pasaydi. Bu haqda birja axborot xizmati xabar berdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 4944,7 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi va shundan 3486,4 tonnasi sotildi. Savdoning so‘nggi haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan biroz ko‘tarilib, bir tonnasi uchun 6233,4 ming so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 12,8 milliard so‘mlik 4700,0 tonna suyultirilgan gaz sotdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 0,9 foizga pasayib, bir tonna uchun 2729,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Qora metall bozorida narxlar pasayib borayotgani kuzatilmoqda. ST 12-35 GS armaturaning narxi 2,6 foizga pasayib, bir tonnasi uchun 5482,3 ming so‘mni tashkil etdi. Birja orqali sotilgan barcha turdagi qora metallning hajmi 4,9 ming tonnani tashkil qilgan.
Sement bozori ham kichik pasayishni ko‘rsatmoqda. PS M-400 D-20 sement bo‘yicha narxlar avvalgi haftaga nisbatan 4 foizga pasayib, 510,5 ming so‘mni tashkil qildi. Faol sotilayotgan boshqa markali sementlarning narxlar diapazoni 460,0—750,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Birjada paxta tolasi narxlari pasayishi kuzatildi. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (oliy 2019)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 1,9 foizga pasayib, bir tonna uchun 14,5 million so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasi boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 10,9 million so‘mdan 13,6 million so‘mgacha bo‘ldi.
Plyonka ishlab chiqarishda foydalaniladigan I-0760 polietilenning narxi 2,7 foizga pasayib, 11,2 million so‘mni tashkil etdi. O‘tgan haftada jami 1,8 ming tonna polietilen sotilgan.
O‘tgan haftada karbamid bozorida ham narxlar biroz ko‘tarilishi kuzatildi. Karbamid «V» ning bahosi o‘tgan haftada 0,3 foizga ko‘payib, bir tonnasi uchun 1820,2 ming so‘mni tashkil etdi. Umuman olganda, hafta davomida birja savdolari orqali 24,7 ming tonna mineral o‘g‘itlar sotildi.