Samarqandda moliyaviy firibgarlik operatsiyalari orqali un xarid qilib, aholiga qimmat sotayotgan yana bir guruhning jinoyati fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan hududda unni aholiga kafolatli tarzda va arzon narxda yetkazib berishda ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslar to‘g‘risida olingan ma’lumotlarga asosan o‘tkazilgan tekshiruvda “L-CH” MChJga qarashli savdo maydonchasi treyderi Sh.P. va boshqalar “L-CH” MChJning muhridan aldov yo‘li bilan foydalanib, qalbaki hujjatlarni tayyorlash orqali birja bitimlarini tuzish uchun maxsus login va parollarni qo‘lga kiritib, so‘ngra 6 nafar shaxslarni mazkur jamiyatning treyderlari sifatida rasmiylashtirib, un savdosi bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlangan.

Xususan, Sh.P. va boshqalar qalbaki hujjatlar asosida brokerlik faoliyatini amalga oshirib, boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan login va parollardan noqonuniy foydalanib, respublikamizda e’lon qilingan karantin davrida aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan unni sotishda monopol muhitni vujudga keltirib, 7 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga qiymati 3,2 milliard so‘mlik 1 236 tonna unni olishga erishgan va aholiga unni sun’iy qimmat narxlarda sotib kelgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Sh.P. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.