Buxoroda o‘smirlar va voyaga yetmaganlardan tashkil topgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

2020 yilning 10 iyul kuni taxminan soat 00:10 da 23 yoshli A.S. jinoiy sheriklari - 18 yoshli M.A., voyaga yetmaganlar, 17 yoshli F.O., 16 yoshli A.I., B.K. hamda M.S.lar bilan guruh bo‘lib, Buxoro shahar Abay ko‘chasida 31 yoshli F.G‘.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashina eshigini ochib, avtomashina salonida bo‘lgan uyali telefon quvvatlagichi, hamyon ichida bo‘lgan 2.260 AQSh dollari va 500 Rossiya rublini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, A.S. va uning jinoiy sheriklari jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yil 10 iyul kuni taxminan soat 00:40 da Buxoro shahar Jo‘bor ko‘chasida 24 yoshli A.T.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaning eshigini ochib, avtomashina ichida bo‘lgan 100.000 so‘mlik ko‘zoynagini yashirin ravishda o‘g‘irlagan.

Olib borilgan tergovoldi tekshiruv harakatlari jarayonida gumon qilinuvchilardan o‘g‘irlangan 500 Rossiya rubli, hamyon, ko‘zoynak ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Buxoro shahri bo‘yicha IIO FMB 1-son IIB tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.