DXX 18 nafardan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahri, Farg‘ona, Namangan va Samarqand viloyatlarida yashovchi 18 nafar shaxsdan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatlariga kiritilgan dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi mazkur guruh a’zolaridan «qora bozor» narxida umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan 28.560 dona «Tramadol» tabletkasi, 7000 dona «Tropikamid» flakoni, 35.700 dona «Lirika», 3.920 dona «Regapen» va 5.600 dona «Perge» kapsulalari musodara qilindi. Shuningdek, 4.300 AQSh dollari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Jinoyat quroli sifatida 1 ta «Malibu», 3 ta «Lasetti» va 1 ta «Neksiya» avtomashinalari olib qo‘yildi.

Guruh a’zolari 1977-1994 yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ulardan 2 nafari ayol hamda 5 nafari muqaddam sudlangan shaxslardir.

Ta’kidlash lozimki, ushbu dori vositalari asosan Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kirilgan.

Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.