Jizzaxda tadbirkorni 50 million so‘mga chuv tushirgan shaxslar ushlandi
2020 yilning 2 iyul kuni 51 yoshli E.D. Mirzacho‘l tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 1 iyul kuni soat 13:00 da “N” ismli shaxs unga qo‘ng‘iroq qilib, Mirzacho‘l tumani O‘zbekiston QFYda fermer xo‘jaligi rahbari ekanligini, sotiladigan 40 tonna g‘allasini savdolashib narxiga kelisha olsa, sotishini aytganini, shundan so‘ng g‘allani ko‘rish uchun shu kuni soat 20:30 da E.D. boshqaruvida bo‘lgan “Gentra” rusumli avtomashinasida Mirzacho‘l tumani O‘zbekiston QFYga borib, avtomashinani yo‘l chetiga qo‘yib, g‘allani ko‘rish uchun “N” ismli shaxs bilan taxminan 500 metr dalaga kirganida, “N” ismli shaxs qochib ketganligini, orqasiga qaytib avtomashinasini ko‘zdan kechirganida, avtomashinaning old oynasi sindirilib, orqa yukxonasida bo‘lgan 50.000.000 so‘m pullar o‘g‘irlab ketilganini ko‘rsatib, ushbu noma’lum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Mirzacho‘l tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib ancha miqdorda sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 24 yoshli Sh.X. va B.Ya., 38 yoshli U.Yu. va 35 yoshli D.Z.lar sodir etganliklari aniqlanib, ulardan jami 6.930.000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Barcha shaxslar ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.