Samarqandda avtomashinalar suvda yuradimi?

Samarqandlik “tadbirkor” buning uddasidan chiqmoqchi bo‘ldi. Ammo...

Joriy yilning 23 yanvar kuni kechki payt boshqaruvimdagi avtomashinamning suyultirilgan gaz yoqilg‘isi tugaganligi bois Samarqand shahri, So‘g‘diyona massivida joylashgan “Musaffo” MChJga qarashli “Musaffo petrol” AYoQShga kirib, avtomashinamga 20 litr suyultirilgan gaz quydirdim. AYoQShdan chiqib, yonilg‘ini benzindan gazga o‘tkazdim. Ammo avtomashina yurmadi. Avvaliga avtomobil dvigatelida gaz va benzin yoqilg‘isi to‘dalanib qolgani sababli shunday bo‘ldi, deb o‘yladim. Keyin yana gazga qo‘shib ko‘rdim...

Ikkinchi marotaba ham mashina dvigateli gazda o‘t olmay “o‘chib” qoldi. Ulovim gazga “yurmagach”, yana benzinga o‘tkazib, ustaxonaga bordim. Usta old kapotni ochib, hamma uskunalarni birma-bir nazoratdan o‘tkazgach, mashinamning “injiqligini” topdi.

U e’tiborimni dvigatelga qaratdi va gaz keladigan quvurchani ochdi. “Foshillab” gaz o‘rniga suv oqa boshladi. Bundan hayratga tushdim. Buning siri nimada ekanligi meni o‘ylantirdi...

- Buning siri siz gaz olgan “zapravka”da, - dedi ustaning shogirdi.

Usta avtomashinamning gaz uskunalarini to‘liq yechib, tozalab, qaytadan o‘rnatish kerakligini, buning uchun esa ko‘p vaqt talab etilishini aytib, mashinani shu yerda qoldirishim kerakligini ta’kidladi.

- Haliyam omadingiz bor ekan, suv motorga o‘tib ketganda yetti-sakkiz million so‘mga tushishingiz mumkin edi, - dedi usta.

Bu gapni eshitgach, juda asabiylashdim. Mazkur “zapravka”dan menga o‘xshagan yuzlab insonlar avtomobili uchun gaz olishi ko‘z oldimga kelib, AYoQSh xodimlarini insofga chaqirmoqchi bo‘ldim.

«Musaffo petrol» AYoQShga borib, avtomashinamga gaz o‘rniga suv “zapravka” qilinganini aytdim. Masalaga oydinlik kiritish uchun xodimlaridan AYoQSh rahbarini chaqirishlarini so‘radim. Biroz fursatdan so‘ng yetib kelgan AYoQSh rahbari (so‘rab surishtirib ismi Komil ekanini bildik) meni tadbirkorning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tovlamachi sifatida aybladi. Eng qizig‘i, u meni bir og‘iz gapirishimga qo‘ymay, haqoratli so‘zlar bilan nafsoniyatimga tegdi. Yoniga to‘plangan to‘rt-besh nafar gumashtalari ham unga qo‘shilib, meni tovlamachi, tuhmatchi, deya haqorat qilishga tushishdi. Ularning bu yerda janjal chiqarishdan manfaatdor ekanliklarini anglagach, harakatlarim befoyda ekanligini tushunib, ortibga qaytdim.

Biroq hamma tomosha ertasi kuni boshlandi. Avvaliga, “O‘zdavneftgazinspeksiya”si Samarqand hududiy bo‘limiga murojaat qildim. Inspeksiya rahbari xizmat safari bilan tumanga ketganligi bois Dilshod ismli bosh mutaxassisga uchrashishimni aytishdi. Dilshod “Musaffo petrol” AYoQShda men bilan bo‘lgan mojaroni batafsil tinglab, hech qanday yordam bera olmasligini aytdi. Hech bo‘lmaganda, avtomashinamning gaz ballonidagi suyuqlikning tarkibini o‘rganib berishlarini so‘radim. Ammo mutaxassis inspeksiyada gaz mahsulotlarining laboratoriyasi yo‘qligini bildirdi.

Shu o‘rinda bir nechta savol tug‘iladi - birinchidan, shikoyat asnosidagi murojaatga hech qanday chora ko‘rolmasligini ma’lum qilgan mazkur inspeksiyaning xizmat vazifasi nimalardan iborat? Ikkinchidan, hatto gaz mahsulotlari tarkibini tekshiradigan laboratoriyasi mavjud bo‘lmagan inspeksiya men bilan bo‘lgan kabi holatlarda qanday xulosa berishi mumkin? Uchinchidan, ushbu inspeksiyada gaz tarkibini tekshiradigan laboratoriya yo‘qligini bilgan “Musaffo petrol” AYoQSh rahbari tofiasidagi “tadbirkor”lar suyultirlagan gazga suv qo‘shishi mumkinmi? Inspeksiyadan chiqar ekanman, shu kabi javobi yo‘q savollar girdobida qoldim.

Oradan uch-to‘rt soat o‘tganidan so‘ng “O‘zdavneftgazinspeksiya”si Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib, inspeksiya mas’uli “Musaffo petrol” AYoQShga borib holatni o‘rganayotganligini ma’lum qildi. Bundan quvonib, mazkur taftishda ishtirok etish ishtiyoqim borligini bildirdim. Ularning mas’ul xodimi meni o‘sha yerda kutishini aytdi. Darhol yo‘lga chiqdim. Ammo AYoQShga borganimda inspeksiya mas’uli Dilshod va AYoQSh rahbari Komil aka elektr energiyasida uzulish bo‘lganligi sabab holatni o‘rganishning iloji yo‘qligini ta’kidlashdi. Bizga berilgan bu “imkoniyat”dan unumli foydalanish maqsadida vaziyatdan chiqish choralarini izladik. Avval shahar, keyin viloyat elektr tarmoqlari idorasiga telefon orqali murojaat qildim. Biroz vaqt o‘tgach, har ikkala tashkilot ham qayta qo‘ng‘iroq qilib, mazkur hududda elektr ta’minotida uzulish bo‘lmaganini, AYoQShda ataylab “svet” o‘chirilganini aytishdi.

Tomoshaning navbatdagisi, mazkur AYoQShda avtomashinalarga suv quyilayotganini aytib, o‘nlab iste’molchilar janjal qilayotgan bo‘lsa-da, avtomobilimga gaz o‘rniga suv quyilganiga hali ham ishonmayotgan tadbirkor Komil aka avtomobilimga u tomondan quyilgan gazni o‘zining tanishi bo‘lgan ustaga ko‘rsatishimizni so‘radi. Tadbirkorning qistovi bilan inspeksiya mutaxassisi hamrohligida usta huzuriga bordik. O‘zini “Eldor” deya tanishtirgan usta esa avtomashinamning gaz balloniga quyilgan suyuqlik suv ekanligini tasdiqladi.

Xullas, o‘sha kuni soha mutaxassisining o‘rganuvidan natija bo‘lmadi. Tadbirkor esa yuzlab, minglab iste’molchilarga “pullayotgan” ushbu suyultirilgan gazni xarid qilgan paytida zavod tomonidan beriladigan laboratoriya xulosasini ko‘rsatolmadi. Shu sabab ikki kun davomida o‘z yechimini topmagan “mashmasha”ning asosiy jumboqlarini bayon etishni lozim topdik.

Xo‘sh, ushbu tadbirkor iste’molchilarga qancha suv sotdi va sotayapti? Axir bir ovqatning achiganini bilish uchun uning hammasini yeyish shart emas-ku!? Bir emas, ikki emas, o‘nga yaqin iste’molchilarning shikoyatidan kerakli xulosa chiqarib, savdoni to‘xtatmagan tadbirkorni qanday atash mumkin? Yana, bu holatga tegishli mutasaddilar tomoshabin bo‘lib turishining sababini bilishni istar edik. Agar “O‘zdavneftgazinspeksiya”si Samarqand hududiy bo‘limi rahbariyati bu borada biror shikoyat bo‘lgani yo‘q, deya o‘zini oqlasa, unda mening joriy yil 24 yanvardagi murojaatimchi? Nega ushbu murojaatimga hozirga qadar javob bo‘lmayapti?

Darvoqe, ushbu AYoQShda bir necha bor bo‘lsak-da, biror marta, biror kishiga xarid uchun chek berilmadi. Buning sababini o‘rganishlarini so‘rab viloyat soliq boshqarmasiga murojaat qildik. Lekin bu urinishimizdan ham natija bo‘lmadi.

O‘ylaymizki, mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan, yuzlab iste’molchilarni sarson qilayotgan “Musaffo petrol” AYoQSh rahbariyati kabi “tadbirkor”larning ham jilovini tortadigan mutasaddilar topilar.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu masalani atroflicha o‘rganadi, degan umiddamiz.

Eldor MUHAMMADIYeV,

jurnalist.