“Kvars” AJning yana 5 foiz aksiyasi IPO yo‘li bilan birja savdolariga chiqarildi
Respublikamizda eng yirik oyna va shisha mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Kvars” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketining 5 foizi “Toshkent” respublika fond birjasi orqali SPO yo‘li bilan sotuvga qo‘yilmoqda. Mazkur savdolar va tizim haqida tadbirkorlar va investorlarga tushuncha berish yuzasidan hududlarda seminarlar tashkil etilmoqda.
Samarqand shahrida davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, “Freedom Finance” investitsion kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda mutaxassislar jamiyat aksiyasini sotib olishning afzalliklari, fuqarolar aksiyador bo‘lganda unga qanday huquqlar berilishi, aksiyadan qanday qilib daromad olish borasida tushunchalar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 maydagi qaroriga asosan “Qo‘qon mexanika zavodi” va “Kvars” aksiyadorlik jamiyatlarini davlat tasarrrufidan chiqarish uchun SPO va IPO yo‘li bilan aksiyalarni sotish maqsadida Respublika Fond birjasiga qo‘yilgan.
- O‘tgan yili “Kvars” aksiyadorlik jamiyatining 5 foiz aksiyasi IPO yo‘li bilan sotilgandi. Bu yil yana 5 foiz aksiya birja savdolariga chiqarildi. Jami bo‘lib jamiyatning 20 foiz aksiyasi sotuvga chiqariladi, - deydi “Freedom Finance” investitsion kompaniyasi vitse prezidenti Yegor Romanyuk. - Sotuvga jami 4822460 dona oddiy aksiya qo‘yilgan. 2019 yil 24 dekabrgacha davom etadigan ommaviy savdolarga investorlarning keng qatlamini jalb qilish maqsadida har bir shaxsga sotuvga qo‘yilgan aksiyalarning 0,1 foizidan (4822 dona) ortiq bo‘lmagan miqdorini xarid qilish imkoniyati yaratilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.