Ajdodlarimiz jasorati va matonati ramzi

Dunyodagi boshqa tinchliksevar ellar qatori matonatli xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinovlardan biri – Ikkinchi jahon urushi edi. O‘sha davrda O‘zbekiston aholisi taxminan 6,5 million kishini tashkil qilib, ulardan 1 433 230 nafari urushga safarbar etilgan. 1941 yil 26 iyundan boshlab mamlakatda ishchi va xizmatchilar uchun ishdan tashqari vaqtda majburiy ishlab berish joriy etildi. Katta yoshdagilar uchun ish vaqti olti kunlik ish haftasida 11 soatgacha uzaytirildi. Aslida ish vaqti 12-14 soatga cho‘zilgan, ta’tilga chiqish bekor qilingan.

Bu ma’lumotlar botir jangchilarimiz, sabrli xalqimiz Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat ko‘rsatganligidan dalolat beradi.

O‘sha yillari urush kechayotgan hududlardan mamlakatimizga 1,5 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib kelindi va ularning hammasiga bag‘rikeng yurtdoshlarimiz boshpana berdi. Mehr-muruvvat ko‘rsatdi, bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi.

Qishlog‘imizda urush qurbonlari sharafiga o‘rnatilgan haybatli haykal bor. Uni tiklash jarayonlarini bola nigohi bilan kuzatganman. Qishloqni ikkiga bo‘lib oqib o‘tayotgan Yangiariq kanali yoqasidagi qadimiy tepalik ustida tiklangan bu majmua xo‘jalik mehnatkashlari mablag‘iga loyihalashtirilgan va bunyod etilgan. Dushmanga qarshi hujumga otlanayotgan askarlar aks etgan haykallar tayyor bo‘lgach, tuman rahbarlari uni markazga o‘rnatish istagini bildiradi. Buni bilib qolgan hamqishloqlar haykalni katta yuk mashinalariga ortib, qishloqqa olib kelgan edi.

“Nega bunday qildingiz?” degan savolga ular: “Bular tosh bo‘lsa-da, urushda, jang maydonlarida mardlarcha halok bo‘lgan, uzoq o‘lkalarda qolib ketgan hamqishloqlarimiz, mehribon akalarimiz, ota-bobolarimiz timsoli, bu yerda ularning ism-sharifi yozilgan. Bu haykal bolalarimizga ham ularning jasoratini abadiy eslatib turishi kerak,” deb javob berishgan.

Ushbu majmua bugun ham tepalikda qad rostlab turibdi. Xalqimiz boshiga tushgan mudhish urush dahshatlari haqida unsiz hikoya qilyapti. Xotira va qadrlash kuni oldidan ushbu majmua atrofini yanada obod etish choralari ko‘rilyapti.

Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi va mehnat frontida ishtirok etgan faxriylarimizga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Ularning jasorati, ibratli so‘zlari, pand-nasihatlari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilyapti.

Fashizmga qarshi mardona kurashgan jangchilar va xalqimiz jasorati haqida minglab hujjatli va badiiy filmlar olinayotgani ham tarbiyaning muhim vositalaridan biridir. Urushning bor dahshatlari va jasur qahramonlari haqida hikoya qiluvchi maqolalar, risola va ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy asarlar ham bitilayapti.

Xalq jasoratini har tomonlama ifoda etish ayni kunlarda yuqorida ta’kidlangan qaror orqali yanada e’tiborga molik bo‘lib turibdi.

Shuningdek, qarorda fashizmga qarshi kurashishga hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ham xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Ajdodlarimiz jasorati va matonati – fidoyilik, qahramonlik namunasidir” shiori ostida asosiy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. 

Unga ko‘ra, viloyat markazlarida Ikkinchi jahon urushi davriga oid tarixiy eksponatlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy “Vatanparvarlar” bog‘lari barpo etilmoqda.

Toshkent shahrida tashkil etilayotgan "G‘alaba bog‘i"ning markaziga “Matonat madhiyasi” deb nom olgan, yaqinda “O‘zbekkino” ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi qahramoni Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab yodgorlik majmuasi o‘rnatiladi. O‘zbekiston xalqining buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini aks ettiruvchi “Shon-sharaf” muzeyi bunyod etilmoqda. "G‘alaba bog‘i" xalqimizning birdamligi va matonati, saxovatpeshaligi va jasoratiga katta hurmat va e’tibor ramzidir. Bu inshoot o‘zbek xalqining urushda ko‘rsatgan jasorati, fidoyiligi haqidagi obida-majmua bo‘lib qoladi.

Insoniyat boshiga tushgan bunday og‘ir sinovlar xalq irodasini toblab, birlashtirgan, elni jasorat va himmatga undagan. Ajdodlar oldidagi farzandlik burchimiz – xalqimiz jasoratini unutmaslik, xotirasini abadiy yodda saqlash, tarixdan kerakli xulosalar chiqarish, yoshlarimizni shunday zaminda yashashdan faxr-iftixor tuyish ruhida tarbiyalashdir.

Toshpo‘lat TUGALOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari.