Aka-ukalik rishtalari tiklandi

Farhod va Shavkat ota-onasining vafotiga qadar et va tirnoqdek inoq bo‘lib, shinam hovlida hayot kechirib kelayotgandi. Ota-onasining vafotidan so‘ng aka-ukalar o‘rtasidan “qora mushuk o‘tdi” shekilli, uka o‘z akasining hurmatini, aka esa o‘z ukasining izzatini unutib qo‘ydi. O‘rtadagi kelishmovchilik sabab Farhod ukasi Shavkatni hovli-joydan quvib soldi.

Shavkat o‘zining buzilgan huquqini tiklash uchun ota-onasining umumiy mulki bo‘lgan va o‘zi tug‘ilib o‘sgan uy-joyga kiritib qo‘yish to‘g‘risidagi da’vo talabi bilan o‘zi istiqomat qilib kelgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qildi.

Sudya tomonidan sud majlisiga qadar amalga oshiriladigan barcha protsessual harakatlar amalga oshirilib, ishni ko‘rib chiqish tayinlandi va aka-uka sud majlisiga chaqirtirildi.

Sud majlisi davomida aka-uka o‘rtasidagi mustahkam rishtaning uzilishiga oddiy bir arzimas holat va gap so‘zlar sabab bo‘lgan. Sud tomonidan sud majlisida taraflarga ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilgan holda, sudning istalgan bosqichida nizo yuzasidan kelishuvga erishishlari mumkinligi hamda qarindoshlar o‘rtasidagi nizo achinarli holat hisoblanishi aytib o‘tildi.

Sud majlisida Shavkat o‘zining harakatlaridan afsusdaligini bildirib, akasi Farhoddan uzr so‘rab, kelgusida akasi bilan bunday ko‘rinishdagi holatlar bo‘lmasligini bildirdi hamda sudga kiritgan da’vo talabidan voz kechishligini bayon qildi.

Shuningdek, Farhod barchasidan afsusda ekanligini, o‘rtalaridagi nizolari arzimas bir holatligini, u o‘sha paytlar jahl ustida ukasini tartibga chaqirish uchun qattiq gapirganligini va uydan chiqarib yuborganligini, hozirgi kunda ukasi uyga qaytishini rosa xohlayotganligini bildirdi.

Sudning ajrimi bilan Shavkatning da’vo talabidan voz kechganligi qabul qilinib, fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatildi.

Sud tomonidan o‘z vaqtida aka-ukalarga o‘zaro kelishuv choralari taklif etilganligi natijasida nafaqat bir nizo ijobiy hal etildi, balki aka-ukalar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik rishtalari ham tiklandi.

Sherjahon ZAYNIDDINOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi katta yordamchisi.