Ali Qushchini qanchalik bilamiz?

Ta’lim muassasalarida uning merosi nega o‘rgatilmaydi?

 Bundan besh yil burun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti olimlari, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvda jahonning nufuzli ilmiy dargohlarida faoliyat yuritayotgan olimlar xulosasiga ko‘ra, insoniyat tamadduni, dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan yetti alloma safida Ali Qushchining ham borligini e’tirof etgandi.

Asli Turkiyada tug‘ilib voyaga yetgan bo‘lsa-da, 50 yildan oshiq vaqt Amerikada yashab, bugun Shimoliy Karolina universiteti professori sifatida jahonning manaman degan ilmiy mutaxassislari bilan hamkorlik qilib kelayotgan olimning bu gapi uchrashuvda o‘tirgan ko‘pchilik kabi meni ham ajablantirgandi.

Chunki «Mirzo Ulug‘bekning shogirdi bo‘lgani, ustozidan meros qolgan ayrim asarlarni saqlab qolgani» bilan bog‘liq ma’lumotlarni hisobga olmaganda, Ali Qushchi haqida deyarli hech narsa bilmasdim. Biz maktabda yoki oliy o‘quv yurtida o‘qigan davrlar darsliklarga bu olim haqida tarjimai holidan boshqa narsa kiritilmagan edi-da.

Afsuski, bugun ham yosh avlod «O‘z davrining Batlimusi» (Ptolomey – qadimgi yunon munajjimi) deb tanilgan Ali Qushchi haqidagi muhim ma’lumotlar – uning matematika, astronomiya, geografiya, falsafa, huquq, ilohiyot va tibbiyot bilimdoni ekanligidan bexabar katta bo‘lishmoqda.

Umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining ta’kidlashicha, Ali Qushchining hayoti, faoliyati, qoldirgan ilmiy merosi maktab darsliklariga alohida mavzu sifatida kiritilmagan va tabiiyki, o‘quv rejada ham yo‘q. Faqatgina Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi» romani mavzusi qahramonlari doirasida Ali Qushchi sodiq shogird sifatida qisman eslab o‘tilgan, xolos.

Hatto oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarida ham Ali Qushchi tilga olinmaydi hisob. Atigi tarix yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarga temuriylar davri mavzusi doirasida Ulug‘bek rahnamoligida kamol topgan astronom ekanligi qisqacha bayon etilgan.

Ali Qushchi merosi ancha yillardan buyon dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Turkiya, Yevropa davlatlari, AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida o‘qitilayotgan bir paytda bizda uning asarlarini, ilmiy izlanishlarini ommalashtirish, bu merosdan aholimizni ko‘proq xabardor qilishga ahamiyat berilmayotgani ajablanarli emasmi?

To‘g‘ri, ilmiy konferensiyalar, xalqaro anjumanlarda olimlar tomonidan Ali Qushchining Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabining buyuk vakili sifatida ustozlari merosini saqlash, uni avlodlarga yetkazish borasidagi xizmatlari onda-sonda o‘rganilyapti, muhokama qilinyapti. Ammo bu dunyo olimlari tarafidan tan olingan alloma yurtdoshimizning adabiy, ilmiy merosidan xalqimiz xabardor ekanligini anglatmaydi.

Ali Qushchining ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining dunyoviy ahamiyatini his qilishingiz uchun internet sahifalaridan olingan quyidagi ma’lumotlarni keltirish joiz:

Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi Samarqand shahrida tug‘ilib o‘sgan va XV asrda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan matematik va astronom sifatida nom qozongan. U Ulug‘bek saroyidagi Muhammad ismli ovchi - qushlarga qarovchi kishining o‘g‘li bo‘lib, shu sababli unga Qushchi laqabi berilgan. Otasidan yetim qolganidan so‘ng uni Ulug‘bek o‘z tarbiyasiga oladi va «Zij»ining so‘zboshisida «farzandi arjumand», deydi.

Boshlang‘ich bilimlarni Samarqand olimlaridan olgan Ali Qushchi keyinchalik matematika va astronomiya fanlari haqidagi bilimlarni Qozizoda Rumiy hamda Ulug‘bekdan o‘rganadi.

Ulug‘bek 1424 yilda o‘zining mashhur rasadxonasiga asos solgach, ish boshlangan dastlabki yilda Jamshid Koshiy, bir necha yildan so‘ng Qozizoda Rumiy vafot etadi. Shunda Ulug‘bek rasadxonadagi qurilish ishlariga va astronomik kuzatishlarga yosh olim Ali Qushchini mutasaddi qiladi.

1449 yilda Ulug‘bek o‘ldirilgach, mirzolar o‘rtasida ro‘y bergan nizodan afsuslangan Ali Qushchi bu yerdagi ilmiy ishlarni to‘xtatishga majbur bo‘ladi va Haj safariga otlanadi. Ozarbayjonga yetib borib, biroz muddat Tabrizda yashaydi.

Tabrizda uni mahalliy hokim Uzun Hasan o‘z saroyiga taklif qilib, unga katta hurmat va ehtirom ko‘rsatadi (Ali Qushchining Haj amallarini bajargan yoki bajarmagani haqida ma’lumot mavjud emas).

Safari davomida Ali Qushchi usmonli sulton Abul Votih Sulton Muhammad II ning saroyiga boradi. Sulton uni juda iliq qabul qilib, o‘ziga yaqin tutadi, doimiy yashash uchun Istanbulda qolishni taklif etadi. Ali Qushchi bu taklifni qabul qiladi va sultonning ruxsati bilan yana Tabrizga qaytib borib, u yerda turgan ikki yuzga yaqin qarindosh-urug‘lari va yaqinlarini Istanbulga olib keladi. Sulton uning qarindoshlarini ham izzat-ikrom bilan kutib oladi.

Ali Qushchi 1472 yilda kundalik 200 aqcha moyana bilan Aya Sofiya madrasasiga bosh mudarris etib tayinlanadi.

Ali Qushchining tug‘ilgan yili noma’lum bo‘lsa-da, vafot etgan sanasi aniq. Bu sana uning qizi tarafidan nabirasi Miram Chalabiyning quyidagi misralarida keltirilgan: «Ilm-fan rahnamosi mavlono Ali Qushchi Jannat gulzori sari yuzlangan vaqt hijratdin sakkiz yuz yetmish to‘qqizinchi yil, shanba, sha’bonning yettinchi kuni». Hijriy 878-sana, melodiy 1474 yil 17 dekabrga to‘g‘ri keladi. U Istanbuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan.

Ali Qushchining ilmiy asarlari Ulug‘bek «Zij»idek shuhrat qozonmagan bo‘lsa ham, uning ijodi fan tarixida muhim o‘rin tutadi. U o‘rta asrlardagi Movarounnahrda rivoj topgan aniq fanlar sohasidagi buyuk olimlarning eng so‘nggi namoyandasi, usmonli turklardagi birinchi eng yirik va ko‘zga ko‘ringan olim bo‘lgan. Hozirgi zamon turk tarixchilarining e’tirof etishicha, Ali Qushchi kelguniga qadar Istanbulda «Ilmi hay’atda u daraja bir sohib vuqufi mavjud bo‘lmagan edi».

Chunki Ali Qushchining Istanbulga kelishi bilan bu mamlakatda astronomiya fani sohasidagi ishlar yo‘lga qo‘yildi, Miram Chalabiy kabi boshqa atoqli olimlar voyaga yetdi. Shuningdek, uning Istanbulga kelishi nafaqat usmonli turk fani tarixida, balki dunyo fanida muhim bir voqea bo‘ldi. Sababi, usmonli turklar 1453 yil Istanbulni fath etganidan so‘ng biroz o‘tmay, bu shahar Sharq va G‘arb madaniyatlarining uchrashuv joyiga aylangandi.

O‘sha davrda Yevropada Sharq fani va madaniyatiga qiziqish katta bo‘lib, yevropaliklar Sharq xalqlarining ilmiy yutuqlarini chanqoqlik bilan o‘ziga singdirayotgan edi. Istanbulda Italiya, Germaniya, Avstriya va Gollandiyadan rassomlar, muhandislar, harbiy mutaxassislardan tashqari, astronomiya va matematika mutaxassislari ham to‘plangan.

Xususan, birinchi bo‘lib Samarqand olimlarining yutuqlaridan Germaniyadan kelgan hisobdon «kossistlar» bahramand bo‘lishdi. Shu tariqa Ulug‘bek va uning «Zij»i haqidagi xabarlar melodiy XV asr oxiridayoq Yevropaga tarqaldi. Bunda Ali Qushchining xizmati beqiyos.

Bugun Ali Qushchi asarlarining asl nusxalari – qo‘lyozmalari, sharhlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutidan tashqari, Turkiya, Eron, Rossiya, Angliya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, Tojikiston, Tataristonning milliy, yirik ilmiy dargohlari kutubxonalarida, nufuzli muzeylarida saqlanmoqda.

Ali Qushchi qalamiga mansub asarlar ro‘yxati:

- «Risola fi-l-hisob» («Hisob haqida risola»). Asar fors tilida 1425 yili Samarqandda yozilgan. U uch qismdan iborat: o‘nlik hisoblash tizimi, oltmishlik hisoblash tizimi va handasa.

Bu risola O‘rta asrlarda keng tarqalgan bo‘lib, nafaqat Movarounnahr olimlarining, balki butun Yaqin va O‘rta Sharq olimlarining diqqatini o‘ziga jalb etgan. 150 yil o‘tgach, mazkur risoladan Bahouddin Omuliy (1547-1621) o‘zining «Xulosat ul-hisob» nomli asarida foydalangan.

- «Risolai qusur» («Kasrlar risolasi»). Bu asar ham Samarqandda fors tilida 1426 yilda yozilgan. Risolaning qimmati shundaki, unda Ali Qushchi o‘nlik kasrlar tushunchasini va o‘nlik kasrlar yordamida irratsional kvadrat ildiz chiqarish usulini bayon etadi.

- «Risola at-fathiya» («G‘alaba risolasi»). Asar turk sultoni Muhammad II ning Iroq sultoni Azim ustidan g‘alaba (fath) qilgani munosabati bilan 1473 yil Istanbulda yozilgan va astronomiyaga bag‘ishlangan.

- «Risola al-Muhammadiya fi-l-hisob» («Hisob haqida»). Asar arabiy imloda yozilgan hisobga doir eng nodir asarlardan biri bo‘lib, turk sultoni Muhammad II ga bag‘ishlangan. Unda o‘nlik va oltmishlik hisoblash tizimlaridan arifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya masalalari yoritilgan. Asarni muallifning o‘zi 1472 yili forsiyga o‘girgan. Asarda birinchi marta «musbat» va «manfiy» iboralar hozir biz qo‘llayotgan ma’noda ishlatiladi.

- «Risola fi halla ash-shakl al-hilol» («Hilolsimon shakllarni o‘lchash haqida risola»). Arab tilida yozilgan risola bo‘lib, qo‘lyozmasi saqlanmagan.

- «Sharhi Miftohal-ulumi Taftazoniy» («Taftazoniyning «Miftoh al-ulum»ining sharhi»). Fors tilida yozilgan risola. Unga Qozizoda Rumiy sharh yozgan.

- «Risola dar ilmi hay’at» («Astronomiya ilmi haqida risola»). Asar «Risola dar falakiyot», «Risolayi forsiya dar hay’at» va «Hay’ati forsiy» nomlari bilan ham ma’lum bo‘lib, fors tilida bitilgan. Risolada Samarqand maktabi olimlarining astronomiya sohasida erishgan yutuqlaridan guvohlik beruvchi qator ma’lumotlar mavjud. Ali Qushchining shogirdlaridan biri Abulqodir ibn Hasan Ro‘yoniy (vafoti 1520 yil) risola haqida bunday deydi: «Men astronomiyaga doir ko‘p asarlarni o‘rgandim, Shamsiddin al-Koshiy, Husaynshoh Samoniy, Nosiri Sheroziy va Alishoh Xorazmiylarning «zij»larini sinchiklab mutolaa qildim. Lekin Ali Qushchining risolasini o‘qiganimdan so‘ng astronomiya sohasidagi barcha anglamagan narsalarim menga ayon bo‘ldi».

- «Sharhi Ziji Ulug‘bek» («Ulug‘bek «Zij»iga sharh»). Sharh ham «Zij»ning o‘zi kabi fors tilida yozilgan. Uni avval Jamshid Koshiy va Qozizoda Rumiylar boshlagan edi. So‘ng sharhni Ali Qushchi Istanbulda yakunladi.

- «Sharhi risolai «Tuhfai shohiya» («Shohiy tuhfa» risolasining sharhi»). Mashhur matematik va astronom Qutbiddin Sheroziyning (vafoti 1311 yil) risolasiga sharh.

- «Sharhi risolai Sullam as-samo» («Sullam as-samo» risolasiga sharh»). Bunda Ali Qushchi o‘zining Samarqanddagi ustozlaridan biri Jamshid Koshiyning «Sullam as-samo» nomli astronomik risolasiga sharh bergan.

- «Xitoynoma». Bu risolani Ali Qushchi 1438 yil Ulug‘bek tomonidan Xitoyga elchilikka yuborilganida qaytganidan so‘ng fors tilida yozgan. U o‘zining shaxsiy kuzatishlariga ko‘ra, Xitoyning iqlimi, tabiati, xitoyliklarning urf-odatlarini bayon etgan. Undan tashqari, bu asarda matematika, geografiya bilan birga olam xaritasi ham keltirilgan.

- «Risolai mantiq». 1430 yil Samarqandda, fors tilida yozilgan risola.

- «Sharhi tajvidi Xoja» («Xoja «Tajvidi»ning sharhi»). Asar mashhur astronom, matematik va faylasuf Xoja Nasiriddin Tusiy (1201-1274) ning falsafasiga doir «Tajvid» nomli asariga sharhdan iborat. Uni bo‘lajak olim 1417 yili Kermondaligida yozgan bo‘lib, uning qalamiga mansub ilk asar edi.

- «Risola al-Mufradiya». Arab tilidagi risola, mantiqqa bag‘ishlangan.

- «Mahbub ul-hamoyil fi kashfil masoyil» («Masalalarni hal qilishning mahbub bo‘lganlari haqida»). Risola arab tilida yozilgan bo‘lib, 20 bobdan iborat. Har bir bob alohida fanga bag‘ishlangan.

- «Risola muta’olliqa bi kalimat at-tavhid» («Tavhid kalimasiga aloqador risola»). Arab tilida yozilgan ilohiyotga doir risola.

-  «Risola tata’llaq bi kuiya» («Umumiyatga aloqador risola») arab tilida yozilgan falsafiy asar.

- «Risola al-istiorot». Arab tilida yozilgan mantiqqa doir risola.

- «Sharh ar-risola al-Azudiya» («Al-Azudiya» risolasiga sharh»). «Al-Azudiya» risolasi aslida Izziddin ibn Abdurahim ibn Ahmad Ijiy (vafoti 1335 yil) tomonidan arab tilida yozilgan bo‘lib, uni Ali Qushchi sharhlagan. Risola tilshunoslikka mansub.

- «Al-unut va zavahir fi nazmil javohir». Arab tilida yozilgan mantiqiy risola.

- «Risola al-mujas fit-tibb» («Tibbiyotga mansub mo‘’jaz risola»). Arab tilida yozilgan.

- «Sharh risola al-fiqh» («Fiqh haqidagi risolaning sharhi»). Bu asar islomdagi to‘rt mazhabdan biri bo‘lmish Imomi A’zam mazhabiga asos solgan mashhur imom Abu Xanifa Nu’mon ibn Sobit tomonidan yozilgan «Al-fiqh» risolasiga sharhdir. Asar arab tilida yozilgan va islom huquqshunosligiga taalluqli.

- «Risola fi hall al-misol al-handasa» («Geometriyaga doir bir masalaning yechilishi haqida risola»). Arab tilida yozilgan bu asarda muallif aylanaga o‘tkazilgan urinma hosil qilgan burchak haqida bir teoremani isbotlaydi.

Bulardan ko‘rinadiki, Ali Qushchi butun umrini ilm-fanga bag‘ishlagan. Ali Qushchining ulug‘ xizmati shundaki, u Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy»sini taxt uchun bo‘lgan taloto‘plardan omon asrab, Turkiyaga olib borishga, undan Yevropa, qolaversa, jahon xalqlari bahramand bo‘lishiga zamin hozirlagan. Samarqand ilmiy-adabiy muhitining qudrati va salohiyatini dunyoga yoygan. O‘z navbatida, o‘nlab noyob asarlar yozib, nomini tarix sahifalariga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Shunday ekan, bu alloma yurtdoshimizning hayoti va ijodi, ilmiy merosi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-talabalarga keng miqyosda o‘rgatilsa, foydadan xoli bo‘lmasa kerak.

Abdug‘ofur Sherxolov.