Aliment to‘lamagan ota 15 sutkaga qamaldi
Aliment to‘lamaslik ishsiz erkakni javobgarlikdan ozod qilmaydi. H.O‘ 4 nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan. Vaqtincha ishsiz, deb Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib human.uz xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudining 2009 yil 25 sentyabr kungi ijro varaqasiga ko‘ra, sobiq turmush o‘rtog‘i G.Gning tarbiyasida bo‘lgan bir nafar voyaga yetmagan farzandi, ya’ni 2009 yil 22 may kuni tug‘ilgan qiziga moddiy ta’minoti oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment to‘lashi belgilandi.
Ammo u deyarli 9 oy mobaynida aliment pulini to‘lamadi. Qonun tili bilan aytganda, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovladi. Uning alimentdan qarzdorligi 3,5 mln. so‘mdan oshgan.
Sudda H.O‘ huquqbuzarlik harakatiga to‘liq iqror bo‘lgan. H.O‘ning aytishicha, oilaviy kelishmovchilik tufayli ayoli bilan ajrashgan. Boshida aliment pullarini to‘lab kelgan. Keyinchalik hech qayerda ishlamaganligi sababli to‘lolmagan.
H.O‘ning huquqbuzarlik harakati Majburiy ijro byurosi Do‘stlik tuman bo‘limi xodimi tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma, tushuntirish xatlari hamda ishda to‘plangan boshqa dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.
Sud huquqbuzar H.O‘ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topdi va unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.