Alimentning oyma-oy to‘lab borilishi onlayn nazorat qilinadi

Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning uch oyida aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
Byuro xodimlarining ta’kidlashicha, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlari, bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 640 nafar ishsiz aliment to‘lovchilar ishga joylashtirilgan.
- Bugungi kunda aliment undirish bilan bog‘liq ishlar nafaqat viloyatimizda, balki respublika miqyosida dolzarb va yechimini kutayotgan masalalardan biri, - deydi MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Fozil Fayziyev. - Joriy yilning o‘tgan 3 oyida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan 21 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirilishi ta’minlandi. Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida o‘tgan uch oyda 1961 ta oila yarashtirildi.
Hozirda voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali alimentlarni yetkazishdagi pochta xarajatlari tejalmoqda, ya’ni undiruvchi aliment pulini hech qanday ushlanmalarsiz to‘liq olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, alimentlarni oyma-oy, so‘zsiz to‘lab borilishini onlayn nazorat qilish imkoni yaratildi.
Xususan, joriy yilning 1 apreliga qadar byuroning viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari ish yurituvidagi aliment undiruvi bilan bog‘liq 30 mingdan ortiq aliment oluvchilar nomiga plastik karta ochish uchun elektron arizalar taqdim qilingan. Hozirgacha qariyb 23 ming aliment oluvchi nomiga plastik hisob raqamlar ochilib, bank filiallariga chiqarilgan. Ular nomiga ochilgan 20 mingdan ortiq bank plastik kartalari egalariga tarqatilgan.
Shuningdek, boshqarmaning qidiruv sho‘’basi tomonidan 226 nafar qarzdorga nisbatan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida 154 nafari topilgan, 72 nafar qarzdorni topish yuzasidan qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlab kelgan 267 nafar qarzdorlar ma’muriy, 35 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.