Alisher Usmonov O‘zbekistonda rus tilida o‘qitish sifatini oshirish uchun 5 million dollar mablag‘ ajratdi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi hamda Alisher Usmonovning "San’at, fan va sport" xayriya jamg‘armasi hamkorlikda O‘zbekistonda rus tili va umumiy fanlarini rus tilida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan "Zo‘r!" (“Klass”) loyihasini boshlamoqda.
11 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi rasmiy delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Toshkentda qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamda Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti Dastur operatori bo‘lib, ular yordamida Rossiyaning malakali mutaxassislari (o‘qituvchilar va metodistlar) O‘zbekistonning o‘zbek tilida dars o‘tiladigan maktablarda rus tili o‘qituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradilar.
"Zo‘r!" loyihasining ilk bosqichida 32 nafar rus metodistlari mahalliy maktablar o‘qituvchilari va o‘quvchilari o‘rtasida rus tilini bilish darajasini nazorat qilish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Rossiyalik mutaxassislar O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini baholaydi hamda hamkasblariga tilni o‘qitish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
2021 yilda 100 nafar rossiyalik mutaxassis respublikaga mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonga yo‘naltirilgan mutaxassislar soni har yili 100 nafarga ko‘payadi. Dasturning barcha bosqichlari 30 mingga yaqin o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni qamrab oladi.