Allohning jazosimi yoki insoniyat imtihoni?

Los-Anjelesdagi yonib turgan o‘rmonlar nafaqat Amerika, balki butun dunyo uchun signaldir. Insoniyat tabiiy ofatlar qarshisida birlashishi shart, aks holda bu yong‘in butun yer yuzini «kuydiradi».

Shu asnoda Sa’diy Sheroziyning mashhur bayti qayta va qayta xayolga kelyapti. Uning mazmuni: «Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino bo‘lganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir a’zosiga jarohat yetkazsa, boshqa a’zolari ham o‘z tinchini yo‘qotadi».

Insonlar bir gavhardan yaratilgan, ularning ichidagi farqlar, e’tiqod yoki til bo‘lsin, tabiiy holatdir. Lekin biz bir o‘rmonday o‘zaro bog‘liqmiz: bir shoxning yonishi uning atrofidagi barcha daraxtlarga zarar yetkazadi. Bugungi kunda Los-Anjelesdagi o‘rmon yong‘inlarini “musulmon bo‘lmaganlarga jazo” deb anglash, na islom bag‘rikengligiga va na insoniyat qadriyatlariga mos keladi.

Islom dini insoniyatga nafaqat adolat va haqiqat, balki himmatlilik va bag‘rikenglik bilan yondashishni uqtiradi. Qur’oni Karimda shunday oyat bor: “Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, go‘yo barcha insonlarni o‘ldirgan bo‘ladi. Kim uni tiriltirsa (hayotini saqlab qolsa) go‘yo barcha insonlarni tiriltirgandek bo‘ladi”. (Moida, 32-oyat).

Bu oyat faqat bir din yoki millat vakillarini emas, barcha insonlarni himoya qilishga chaqiradi. Olamshumul yong‘inlar, tabiiy ofatlar bizni ajratish emas, aksincha, birlashtirishi kerak.

Pandemiya bunga misol. O‘shanda nomusulmonlar yaratgan vaksinani qabul qilmadikmi? Nomusulmonlarning gumanitar yordamlarini qabul qilmadikmi? Dunyo o‘shanda qaysidir ma’noda birlashmadimi? Odamlar odamga aylanmadimi? Afsuski, tez unutdik.

Demak, hozirgi holatda yordamga muhtojlarga qo‘l uzatish haqiqiy imonli insonning ishi. Hech bo‘lmasa insoniyat, ona zamin uchun duo qilib qo‘ying!

Bu yong‘in butun insoniyatni kuydiradi...

Los-Anjelesdagi o‘rmon yong‘inlari nafaqat shu mintaqa aholisiga, balki butun dunyoga zarar yetkazishi mumkin.

Avvalo, ekologik muvozanat buziladi. O‘rmonlar nafaqat zaharli gazlarni yutib, kislorod ishlab chiqaradi, balki turli jonzotlar uchun yashash manbaidir. Bu yong‘inlar butun dunyo iqlimiga salbiy ta’sir qiladi. Katta miqdorda yongan daraxtlar atmosferaga yuzlab tonna is gazini chiqaradi, bu esa yer yuzidagi isishni yanada tezlashtiradi. Suv zaxiralariga salbiy ta’sir qiladi. Yong‘inlar tufayli suv manbalari buzilishi, cho‘llanishning ortishi ekologik halokatlarga olib keladi.

Sa’diyning baytida aytilganidek, biror a’zo og‘riqda bo‘lsa, boshqa a’zolar ham tinchimasligi kerak. Insoniyat bir vujud kabidir: bugun Amerikada yong‘in bo‘lsa, ertaga boshqa bir yerda bo‘lishi mumkin.

Bu yong‘in ertami-kechmi, baribir o‘chadi. Biroq nomusulmonlarning ko‘nglida bir xotira qoladi. Musulmonlar ularga hamdard bo‘lmagani, Allohning jazosi keldi, deya o‘ziga taskin bergani, ularning oh-vohidan maza qilishganinigina eslab qolishadi. Shu, xolos! Biz ularning halokati sabab aslo kuchayib ketmaymiz. Chunki o‘zimiz islohga muhtojmiz...

Islom kechiradi, imkon beradi. Yordam bering, duo qiling, butun insoniyatga insof bersin, tinchlik bo‘lsin!

Isomiddin Po‘latov.