Ustoz qadri – millat tafakkurining o‘lchovi

Zero, faqat bilim, tarbiya va ma’rifat bilangina millatning istiqboli ta’minlanadi, davlatning kelajagi mustahkamlanadi. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bugun o‘qituvchilar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy va mazmunli uchrashuvi nafaqat bir sohaning, balki butun jamiyat taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab beruvchi muhim voqelik sifatida tarixga kirdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida keltirgan har bir raqam — bu shunchaki statistika emas. Bu uzoq yillar davomida to‘plangan muammolarga aniq, mantiqiy va qat’iy yechimlar taqdim etuvchi tizimli yondashuv natijasi. O‘qituvchilarning moddiy rag‘batlantirilishi, ta’lim muassasalari tarmog‘ining kengayishi va zamonaviy maktab konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi — bularning barchasi o‘zgarish emas, balki tartibli evolyusiya, davlat ta’lim siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi.
Davlatimiz rahbarining “Sizlar men uchun eng yaqin maslahatchilarsiz” degan so‘zlari — dilimdan chuqur joy oldi. Chunki bu gaplar ortida faqat mehr emas, balki katta ishonch va mas’uliyat mujassam. O‘qituvchi endi shunchaki ijrochi emas. U – fuqarolik jamiyatining faol ishtirokchisi, milliy tafakkurni shakllantiruvchi, kelajak avlodning ruhiy me’mori.
Bu ishonch bizdan faqat dars o‘tishni emas, balki fidoyilik, yangicha fikrlash, ilmiy yondashuv va oliyjanoblikni talab qiladi. O‘qituvchi – bilim beruvchigina emas, balki muhit yaratuvchi. Uning ichki dunyosini, mehnatiga beriladigan munosabatni to‘g‘ri shakllantirmasdan turib, ta’lim sifatini oshirish mumkin emas. Shukrki, bugungi siyosat — aynan shu ruhiy ehtiyojni teran his etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan baho, ustozlar zimmasiga yuklangan mas’uliyat va ularga yaratilgan shart-sharoitlar — bu jismoniy yechimlargina emas. Bu — ruhiy quvvat manbai, o‘qituvchining o‘zini jamiyatda kerakli, qadrli va iftixorli shaxs sifatida his etishiga turtki desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday ruhiy tiklanish esa nafaqat pedagogning shaxsiy hayotida, balki butun ta’lim muhitida ijobiy aks etadi.
Albatta, bilim, ko‘nikma va tarbiya — bugungi global raqobatda eng kuchli "qurol" hisoblanadi. Ana shu qurolni yosh avlodga berish — o‘qituvchi orqali amalga oshadi. Demak, har bir o‘qituvchi, uning salohiyati yurt taraqqiyoti, yorqin kelajagining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Men, xalq vakil sifatida ham, maktab direktori sifatida ham, birinchi navbatda oilasi, jamiyati va millatini sevuvchi muallim sifatida ham ishonch bilan aytaman: bugun ustozga nisbatan butunlay yangi yondashuv boshlandi. Uning fikri eshitilyapti, so‘zi qadrlanyapti, haq-huquqi himoya qilinyapti, mehnati e’tirof etilyapti.
Endi esa navbat bizda.
Endi ustozlar o‘z ustida ko‘proq ishlashi, raqobatbardosh bo‘lishi, uzluksiz o‘rganishi va eng muhimi — Vatan taqdiri uchun daxldor shaxsga aylanishi shart. Prezidentimiz aytganidek:
“Yangi O‘zbekiston maktabdan boshlanadi”.
U holda Yangi O‘zbekistonni yaratish — avvalo ustozlarning qo‘lida. Va bu ishonchni oqlash – har birimizning sharafli burchimiz.
Zebiniso YuSUPOVA,
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati,
Payariq tumanidagi 6-umumta’lim maktabi direktori.