Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitish kurslari tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)da kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasining maqsadi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitish kurslari tashkil etish, o‘quvchilar tomonidan kasb-hunar ko‘nikmalarining o‘zlashtirilishini ta’minlash, maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasblarni o‘rgatish orqali ularning kasb-hunar olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat.
Bundan tashqari kasbiy ta’lim berish jarayonida «usta-shogird» an’analari, mahalliy va xorijiy ilg‘or tajribani o‘rgangan holda eng maqbul usullardan foydalanish hamda kasblarning malaka talablari va kasbiy ta’lim berish jarayonining metodik ta’minotini takomillashtirib borish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek qarorga ko‘ra, o‘quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlagan holda mehnat jarayonini tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirish orqali ularning mehnat faoliyati bilan faol shug‘ullanishi imkonini beruvchi kasb egasi bo‘lishlari hamda mehnat bozori uchun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlik talab etilmaydigan kasblar bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi ta’minlanadi.
Qarordan kutilayotgan natija alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish, ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kelajakda egallagan kasblari bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim muassasalarini bitirgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ish bilan ta’minlashdan iborat.