O‘zbek rejissyor va aktyorlari Gollivudda kino olyapti

Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov haqida badiiy filmni suratga olyapti.

Badiiy filmni yaratish g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Hozirda filmning s’yomka jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Ijodiy guruh O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, AQShda suratga olish ishlarini davom ettirmoqda.

- O‘zbek kinoijodkorlarining Gollivudda o‘z qahramonlari haqida filmlar yaratishini tasavvur qilish qiyin edi, endi esa bu haqiqat. Ushbu loyihani amalga oshirishda yordam va ko‘mak ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga alohida minnatdorlik bildiraman, – dedi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK rahbari, film ssenariy mualliflaridan biri Furqat Usmonov.

Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi:

- Abdulla Oripov hayotining so‘nggi oylari AQShda o‘tgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan - deya sharhlaydi Muzaffarxon Erkinov. - Shu sababli shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham o‘z obrazini o‘zi gavdalantirmoqda.

Suratga olish ishlari AQShning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilmoqda. Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro etmoqda. Bundan tashqari, kinokartinada shoir Shodmonqul Salom, mahoratli yosh aktrisa Rayhon Asadova va boshqa mahoratli aktyorlarni ham ko‘rish mumkin.

Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov. Postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov.

Film premerasi yil yakuniga rejalashtirilgan.