Amerikadagi Stenford universiteti qanday tashkil topgan?

Kamtarona ko‘ylak kiygan ayol oddiygina kostyumdagi eri hamrohligida Boston stansiyasida poyezddan tushib, Garvard universiteti tomon yo‘l oldi.

Ular Garvard universiteti prezidenti qabuliga yozdirilmagan edi. Kotib provinsiyalik bunday odamlarning Garvardda ishi bitmasligini bir qarashda anglab oldi.

-   Biz prezident bilan uchrashmoqchi edik, - dedi erkak past ovozda.

-   U kun bo‘yi ish bilan band bo‘ladi, - deya quruq javob qildi kotib.

-   Mayli, kutamiz, - dedi ayol.

Bir necha soat davomida kotib tashrif buyurganlar umidsizlikka tushib ketishadi, deb ishonib ularni e’tiborsiz qoldirdi. Biroq ularning hech qayerga ketmasliklariga ishonch hosil qilib, garchi, istamasa ham prezidentni bezovta qilishga qaror qildi:

- Ularni bir daqiqagagina qabul qilsangiz, balki tezroq ketarmidi?  - deb so‘radi u boshlig‘idan.

- U og‘ir xo‘rsinib rozi bo‘ldi. Negaki, u kabi nufuzli inson oddiygina kiyingan odamlarni qabul qilishga vaqt topolmasdi.

Mehmonlar xonaga kirganda, prezident bu juftlikka keskin va takkaburlik bilan qaradi. Ayol gap boshladi:

-   Bizning o‘g‘limiz bir yil davomida sizning universitetingizda tahsil olgandi. U bu yerni yaxshi ko‘rardi va bu yerda juda baxtiyor edi. Afsuski, bir yil oldin u kutilmaganda vafot etdi. Biz universitet hududida u haqida xotira qoldirmoqchimiz.

Bu gapdan prezident mutlaqo xursand bo‘lmadi, aksincha g‘azablandi.

- Xonim! – dag‘allik bilan javob berdi u. – Biz Garvardda o‘qigan va vafot etgan har bir kishiga haykal qo‘ya olmaymiz. Agar shunday qiladigan bo‘lsak, bu joy qabristonga o‘xshab qolardi.

- Yo‘q, - deya e’tiroz bildirishga shoshildi ayol. - Biz haykal o‘rnatishni xohlamaymiz, biz Garvard uchun yangi korpus qurmoqchimiz.

Prezident uning rangi o‘chgan katak gulli ko‘ylagi va erining kambag‘al kostyumini ko‘zdan kechirdi va shunday dedi:

- Korpus! Bitta korpus qancha turishini bilasizmi? Garvarddagi barcha binolarning qiymati yetti million dollardan oshadi!

Ayol bir daqiqaga jim bo‘lib qoldi. Prezident zarda bilan jilmayib qo‘ydi va va ularni haydab chiqarmoqchi bo‘ldi.

Ayol eriga o‘girilib jimgina dedi:

- Yangi universitet qurish shunchalik kam xarajat ekan, unda biz o‘z universitetimizni qura qolaylik.

Erkak bosh irg‘adi. Garvard prezidentining rangi oqarib, sarosimaga tushdi.

Janob va xonim Stenford o‘rnidan turib, xonadan chiqib ketishdi. Kaliforniyaning Palo Alto shahrida ular o‘zlarining sevimli o‘g‘li xotirasiga bag‘ishlab Stenford universitetini tashkil etishdi.

Eslatib o‘tamiz, Stenford universiteti temir yo‘l magnati, AQSh senatori Leland Stenford va uning rafiqasi Jeyn Stenford tomonidan tashkil etilgan. Universitet ularning 1884 yilda 16 yoshga yetmasdan vafot etgan yagona o‘g‘li Leland Stenford (kichik) nomi bilan atalgan. Stenfordlar universitetni yolg‘iz o‘g‘liga bag‘ishlashga qaror qilishdi va Leland xotiniga shunday dedi: “Kaliforniyaning bolalari bizning farzandlarimiz bo‘lib qoladi”.

Internet materiallari asosida Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.