Navbahor Imomova: Hukumat bizni yoqtirmasa-da, bizga ishonishi kerak

«Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomova shu kunlarda Samarqandda ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilayotgan treningda ishtirok etib, jurnalistlarga sohaga doir turli mavzularda mahorat mashg‘ulotlari o‘tdi. Fursatdan foydalanib, Zarnews.uz muxbiri Navbahor Imomova bilan bugungi kunda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari haqidagi fikrlari haqida suhbatlashdi.

 

- Bir necha yildan beri O‘zbekistonda bevosita faoliyat olib borayapsiz. Yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida qanday o‘zgarishlarni sezdingiz va qanday yaxshi o‘zgarishlar hozircha sodir bo‘lgani yo‘q?                 

- O‘zbekistonda uzoq yillar davomida ommaviy axborot vositalari davlat nazoratidagi soha bo‘lgan hamda ular hukumat propagandasi bilan shug‘ullangan. O‘zbekiston bu borada yagona emas, lekin shunday holatga mamlakat klassik misol bo‘la oladi. Yaxshi tomoni, o‘tgan ikki yil orasida jurnalistlar biz endi ilgarigiday emas, haqiqiy, ishonchli ommaviy axborot vositasi bo‘lishimiz kerak, deb boshladi va real matbuot erkinligi uchun kurashish istagini bildirdi. Ommaviy tarzda, keskin kurash ketmoqda, demoqchi emasman, lekin ular bu kurashni o‘zlariga nisbatan ishonch bilan amalga oshirmoqda. Xalq dardini berish kerak, degan mazmunda harakat qilishmoqda. Albatta, xalq deganda bevosita hukumatni ham tushunish lozim. Sababi, hukumatda ham odamlar, ya’ni xalq ishlaydi. Biz jurnalist sifatida ham xalqning, ham hukumatning ishonchini oqlashimiz kerak. Hukumat bizni yoqtirmasa-da, bizga ishonishi kerak, xalq ham bizni yoqtirmasayam, ommaviy axborot vositalari vakillariga ishonishi kerak. 

  

- Kamchiliklari haqida nima deya olasiz?

- Yetishmovchiliklar ham albatta bor. Jurnalistlar hamon ma’lumot olib, uni tahlil qilish bilan emas, ko‘proq targ‘ibot bilan shug‘ullanayotgani, noxolis qarash, biryoqlama yondashuvlar hamon uchrab turibdi. 

Jurnalistning vazifasi odamlarni xursand qilish emas, odamlarga zarur axborotni berishdir. Odamlar aksariyat holatlarda o‘zlari istagan narsani o‘qishni, ko‘rishni xohlaydi, bu global fenomen. Jurnalistlar o‘sha yo‘ldan borsa, albatta, auditoriya oshadi, ko‘proq reklama qilishi mumkin, pul ko‘proq topadi. Lekin bu jurnalistika emas! Odamlar nimani bilishi kerakligini ulardan yaxshiroq bilishimiz kerak. Aholi o‘sha axborotni o‘qiyotganda bu o‘zi uchun qanchalik muhim ekanligini anglashi kerak. Axborot berishdan tashqari yana bir asosiy funksiyamiz odamlarga bilim berishdir. Zarur bilimlarni uzatish orqali ularni o‘ylantirishga undashimiz lozim. Shundagina ular muammolari yechimi sari qadam tashlaydi. Biz muammolarni yechib bermaymiz. Biz u nima uchun murakkab vaziyatga tushib qolgani va bu boradagi to‘siq va imkoniyatlarni ko‘rsatib berishimiz kerakki, u o‘z muammosi yechimi sari yo‘l topsin. Ya’ni jurnalist advokat emas, u prokuror ham emas, sudya yo hokim emas. Biz kimnidir uyli qilolmaymiz, kredit olib berolmaymiz. Lekin biz misol uchun mamlakatda nima uchun kredit sistemasi yaxshi ishlamayotgani, u yerdagi korrupsiya holati yoki nima uchun odamlarning uy-joy bilan ta’minlanishi qiyin kechayotganini, imkoniyati cheklangan odamlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlardagi muammolarni tahlil qilib berishimiz mumkin. 

Ayni kunlarda Samarqandda xususiy sektorni, moliyaviy sohani yoritishni professionallashtirish yuzasidan seminarlar olib borayapmiz. Bu shu turkumdagi seminarlarning beshinchisi, bir nechta viloyatda, hududiy tarzda o‘tkazayapmiz. Bu ham o‘ziga xos progress. Oldin buning iloji yo‘q edi. Butun dunyodan ekspertlar kelib, jurnalistlarga bilimlari bilan o‘rtoqlashmoqda. Bu ham jurnalistika rivojida ijobiy qadam, deb baholayman.

- Samarqand ommaviy axborot vositalari haqida ham fikrlaringizni bildirsangiz?

- Samarqandda ham respublikaning boshqa hududlarida bo‘lgani singari xususiy medianing, axborot saytlarining kontenti ko‘proq, ular ko‘proq tanqidiy materiallar bilan chiqish qilmoqda. Afsuski, davlat nashrlarida hamon ichki senzura kuchliroq.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, matbuot erkinligi uchun kurash doimiy jarayon. Bu masalada hech qachon marra bo‘lmaydi. Mana, bo‘ldi, matbuot erkin, endi bemalol ishlash mumkin, kabi xotirjamlikka aslo berilib bo‘lmaydi. Amerikada ham har kuni matbuot erkinligi uchun kurash bo‘ladi, shuning uchun ham ular o‘z erkinligini ushlab turibdi.        

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.