Amir Fayzullani bilmasligimni bildim

2020 yilning 13 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Nilufar Xo‘jayevaning feysbukdagi sahifasidan ajoyib xushxabar eshitdim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, hindshunos tarjimon Amir Fayzulla chet elda hindiy tilini o‘qitish, tashviqot va targ‘ibot etish sohasidagi muhim faoliyati uchun Hindiston davlati va Markaziy hindiy tili instituti tomonidan doktor Jorj Grirson nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlanibdi.

Qidirib bilsam, doktor Jorj Grirson nomidagi xalqaro mukofot 1989 yilda Markaziy hindiy tili instituti tashabbusi bilan Hindiston hukumati tomonidan ta’sis etilgan ekan. U ko‘plab yillar mobaynida tillarni, hindiy tili dialektlari va adabiyotini o‘rganish bilan shug‘ullangan britaniyalik hindshunos, 1851–1941 yillarda yashab o‘tgan Jorj Abraham Grirson sharafiga nomlangan.

Hindiy tili va adabiyotini targ‘ib qilgan, hindiy tili rivojiga hissa qo‘shgan hindshunoslar, turli sohada ishlab kelayotgan 26 nafar shaxs har yili ushbu mukofot bilan taqdirlanib keladi. Shulardan ikki nafari chet el fuqarosi bo‘lishadi. Shu kunga qadar mukofotlanganlar 399 nafarga yetibdi.

Joriy yilning 10 aprel kuni 12 yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan 26 nafar hindshunos mutaxassis nomi Hindistonning Markaziy hindiy tili instituti rektori Nand Kishor Pandey tomonidan e’lon qilindi. Ular orasida o‘zbekistonlik hindshunos tarjimon Amir Fayzulla ham bor edi. Ha, bu inson hindiy adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilishdagi hissasi uchun ayni mukofotga chindan loyiq.

2014 yili Hindiston Prezidenti Pranab Mukerji Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Janubiy Osiyo tillari kafedrasi professori Ozod Shamatovni Jorj Grirson nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlagan. Demak, Amir Fayzulla ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan ikkinchi o‘zbek hindshunosi. Agar dunyoda bugungi tojvirus pandemiyasi bo‘lmaganda, balki Amir Fayzulla ham Hindiston Prezidentining qo‘lidan ushbu mukofotni olgan bo‘larmidi.

Amir Fayzulla 1990 yili “Hind xalq ertaklari”, “To‘tinoma” va “Ayyor vazir” nomli hind ertaklarini, 1960 yili Krishan Chandar, 1968 yili Yashpal, 1975 yili Premchand, 1987 yili Bhisham Sahniyning hikoyalarini, 1973 yili “Otash nafaslar”, 1989 yili “Indiraning sovg‘asi” hikoyalar to‘plamlarini, 1976 yili Prem Chandning “Najot”, 1983 yili “Jang maydoni”, 2003 yili “Fidoyi”, 2007 yili “Sevgi in’omi”, 2016 yili “Nirmala”, 1980 yili Jagdish Chandarning “O‘z uyida begona”, 1997 yili Bhisham Sahniyning “Basantiy”, 2011 yili Krishan Chandarning “Bir qizga ming oshiq” kabi romanlari hamda 2000 yili Kartar Singx Duggalning “Kuzning to‘linoy kechasi” qissasini hindiy tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan. Mahatma Gandining 2009 yili o‘zbek tilida kitob bo‘lib chop etilgan “Mening hayotim” asarini esa rus tilidan tarjima qilgan.

Bu asarlarni o‘girishga ketgan vaqtni, umrni aytmaysizmi? Raqamlardan anglayotgandirsiz, uzoq yillik ushbu mashaqqatga tarjimonning qancha-qancha ko‘z nuri ketganini. Bular orasida bolalar adabiyotidan to Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan yirik asarlargacha bor.

94 seriyali “Mahobhorat”, 18 seriyali “Mirzo G‘olib”, 78 seriyali “Ramayana”, 26 seriyali “Bobur” seriallarini, “Sangam”, “Xir va Ranjxa”, “Ona”, “Chaqiriq”, “O‘kinch”, “Hind Tarzani”, “Mohra (Piyoda)”, “Muqaddas qasam”, “Ko‘zboylagich”, “Shohanshoh”, “Bayju Bavra”, “Xayr, shirin orzular”, “Miskinlar homiysi”, “Gul va olov”, “Zarba”, “Makkor” kinofilmlarini ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz. Shularning hammasini Amir Fayzulla o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uni hindcha kinofilmlarning ilk tarjimonlaridan biri desam hech kim meni ayblamasa kerak.

Amir Fayzulla nafaqat hindiy tilidan o‘zbek tiliga, balki o‘zbek tilidan hindiy va urdu tillariga o‘zbek adiblarining bir qancha asarini tarjima qilgan. Uning urdu tilida 1972 yili “O‘zbekiston shoirlari”, hindiy tilida esa 1995 yili “Mustaqil O‘zbekiston shoirlari” va 2014 yili “O‘zbek adabiyoti namunalari hindiy tilida” to‘plamlarida tarjimalari chop etilgan.

O‘zbek klassik adabiyotidan hindiy tiliga qilgan tarjimalarini aytmaysizmi? Uvaysiyning “Uvaysiyman”, “Zaboningni”, “Dilrabo, yuzin uzra”, “Oshiq bo‘lmisham”, “Aylamish”, “Yaxshi”, “Ko‘ngul dog‘ o‘ldi”, “Eshitgil arz ahvolimni”, “Kimdurur”, “O‘zni izhor oftob” g‘azallari va “Anor” chistoni, Nodira she’riyatidan “Farhod agar”, “Bahor keldi”, “Shitob aylab”, “Beray jon visol ichra”, “Soqiy, menga qadah tut”, “Na gul sayr ayla”, “Vasl uyin obod qildim”, Muazzamxondan “Ko‘ngluma ozor har soat”, “Dilbarimni yod qilsam”, “Bemadoru, bemadoru, bemador” va Mahzuna muhammaslarini hindiy tiliga o‘girgan. Bular 2014 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarjimashunoslik kafedrasi granti asosida to‘plam bo‘lib chop etilgan.

Bir sirni aytay. 2014-2016 yillari “Jahon adabiyoti” jurnalida Amir Fayzulla bilan birga ishlaganman. Men bundan baxtiyorman. Hayotimda g‘oyat mehnatkash, kamsuqum, kamtar insonga duch qilgani uchun Allohga shukur deyman. Jahon adabiyotini o‘zbek kitobxoniga tanitishda qilgan mehnatining qay bir qismini bilardim, ammo tan olaman, tarjimon boshqa tillardan o‘zbek tiliga bunchalik ko‘p asar o‘girganini, shuningdek, o‘zbek adabiyotini hindiy, urdu tillariga tarjima qilganini rosti bilmasdim. Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida Nilufar Xo‘jayevadan olingan ma’lumotlardan Amir Fayzullani bilmasligimni bildim. Qolaversa, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Alimurod Tojiyevning aytishicha, Amir Fayzulla 2019 yilning sentyabr oyidami, insult olibdi. Shundan keyin ishgayam kelmay qo‘yibdi. Shular haqida ham endi bilib o‘tiribman, a! Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deb shuni aytishsalar kerak-da.

Qarang, u 2020 yilning 15 yanvar kuni 75 yoshni qarshilabdi. Katta tarjimon ekani va bir joyda ishlaganimiz haqqi hurmati aqalli qo‘ng‘iroq qilib: “Amir aka, tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman!”, deb qo‘ymabman. Qolaversa, u kishi meni ham nihoyatda hurmat qilardi-ku! Afsus! Shunchalik e’tiborsizmanmi? Bunday insonlarning tug‘ilgan kunlari yubiley qilib o‘tkazilishi kerak aslida. Shunchalik e’tiborsizmizmi?

Amir Fayzullaning juda ko‘plab tarjima asarini hammamiz mutarjimini bilib-bilmay o‘qiganmiz, o‘qiyapmiz, hali necha asrlar davomida o‘qiymiz. U Hindiston adabiyotidan tashqari boshqa xalqlarning bir qancha asarini ham o‘zbek tiliga o‘girdi. Bunisi endi alohida maqolaga mavzu.

Bugun dunyo adabiyoti va madaniyati targ‘ibotiga shuncha mehnati singsa-da, ammo nihoyatda sodda, hech qachon kekkaymagan, o‘ta kamtar, haloldan halolu hech nima davo qilmaydigan inson haqida nimadir qoralaganimdan xursandman.

Alqissa, endi ich-ichimdan anglayapman, Amir Fayzulla yonimizda jimgina yashab o‘tayotgan haqiqiy qahramon. Ha, u zamonamiz qahramoni. Bunday insonlarni har qancha ardoqlasak, e’zozlasak, mukofotlasak shuncha kam.

Fozil FARHOD,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.