Amir Temur tavalludiga bag‘ishlab albom-katalog nashr etildi
Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasining O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida “Amir Temur maqbarasining o‘rganilishi tarixi” nomli doimiy ekspozitsiyasi mavjud. Sohibqironning 686 yilligiga bag‘ishlib mazkur ekspozitsiyaning albom katalogi o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etildi.
Ushbu ekspozitsiyada asosiy urg‘u Amir Temurning archa daraxtida ishlatilgan, 1941 yilgacha Amir Temurning mayiti dafn etilgan va Amir Temur maqbarasi hilxonasidagi qabrda turgan tobutiga qaratilgan. Mazkur tobut 1941 yilda Amir Temur maqbarasida olib borilgan xilxonani ochish ishlarida chiqarib olingan va qayta dafn etishda yaroqsiz bo‘lganligi uchun joyiga qo‘yilmagan. Tobut o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zFA Arxeologiya instituti olimi, professor A.Abdurazzoqov rahbarligida restavratsiya qilingan va Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirilgan.
Ma’lumki, O‘zSSR Xalq Komissarlari Soveti va O‘zKP Markaziy Komiteti ruxsati bilan 1941 yilning 16-24 iyun kunlari Amir Temur maqbarasidagi qabrlar birin-ketin ochiladi. Dastlab, 16 iyun kuni Mironshohning qabri, 17 iyun kuni Mirzo Shohruxning qabri, 18 iyun kuni Mirzo Ulug‘bek qabri, 19 iyun kuni Amir Temurning,
21 iyun kuni Bibixonim xilxonasidagi qabrlar (Bibixonim maqbarasi mavzusiga qarang) va 22 iyun kuni Muhammad Sulton qabri ochiladi. Amir Temur maqbarasi ochilishi dalolatnomalari nusxalari katalogdan joy olgan bo‘lib, O‘zFA arxeologiya instituti ilmiy arxividagi aslidan nusxa olingan.
1941 yilning 24 iyunida Amir Temur maqbarasidagi qazishmalar yakunlanib, qabrlardan chiqarib olingan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning suyaklari maxsus qutilarga joylanib, poyezd bilan Toshkentga olib ketiladi. Maqbaraning eshiklari muhrlanib yopib qo‘yiladi. Antropolog M.Gerasimov o‘zi yaratgan usul bilan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Mirzo Ulugbek va Muhammad Sultonlarning hujjatli portretlarini yaratdi. M.Gerasimov tomonidan tiklangan Amir Temur, Shoxrux Mirzolarning qiyofalari byustlari, Mirzo Ulug‘bekning byusti surati ham namoyishga qo‘yilgan.
O‘sha davrda M.Gerasimov yaratgan bu portretlar ko‘pchilik olimlar ishtirokida muhokama qilinib, qabul qilingan edi. Ammo oradan yarim asr vaqt o‘tgach, antropolog M.Gerasimovning, bosh chanoqlari asosida odamlarning portretlarini yaratish metodikasida ko‘pgina xatoliklar borligi aniqlandi.
1942 yilning oxirlariga kelib Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etildi. Lekin tobut bilan birga qabrlardan olingan ko‘pgina narsalar, gazlamalar, Mirzo Ulug‘bekning liboslari, marhumlarning mo‘miyolangan tana a’zolari, kafanlar, soch-soqollari qayta o‘z joyiga qo‘yilmadi. Hozirda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida tobut bilan birga tobutning qopqog‘i va tobut ustiga yopilgan gazlama bo‘lagi ham saqlanadi.
Shuningdek, albom katalogdan 1905 yilda nashr etilgan “Samarqand masjidlari” kitobining Amir Temur maqbarasiga bag‘ishlangan nashri kabi tarixiy-me’moriy qimmatga ega bir necha ashyolar joy olgan.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori o‘rinbosari.