Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur va Sulton Boyazid qo‘shini to‘qnashgan jang maydoniga do‘stlik daraxti ekildi

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy anjumanda buyuk sarkardaning hayot-faoliyati, insoniyat tamaddunida tutgan o‘rni haqida so‘z bordi.

Tarixdan ma’lumki, aksariyat hukmdorlardan kultepaga aylangan shaharlar, qirg‘inbarotlar qoldi, ammo Sohibqiron Amir Temur har doim bunyodkor sarkarda sifatida ulug‘landi. Shu sabab ham u haqida g‘arbu sharqda juda ko‘p kitoblar bitildi, shaxsi o‘rganildi. Xususan, Temur haqida yozilgan g‘arb tillarida 500 dan ortiq, sharq tillarida 900 ga yaqin asarlar bizga ma’lum. Bu avtobiografik asarlarda buyuk sarkardaning g‘olibona yurishlari bilan bir paytda uning adolati, bunyodkorligi, ilm-fanga homiyligi mualliflar tomonidan e’tirof etilgan.

Sohibqiron o‘zini urushga chorlagan o‘sha davrning ayrim mamlakatlar hukmdorlari bilan jang qilmaslikka, aksincha murosaga kelib, doimo insonlar joniga, moliga talafot yetkazmaslikka chorladi. Ammo ularning barchasi ham Temurning bu tinchlik chaqirig‘iga quloq solmadi, fitnalarga uchdi. Oqibatda uni jangga kirishga majbur etdi. 

Anjumanda Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, yozuvchi  Muhammad Ali Amir Temur va Sulton Boyazid munosabatlari haqida to‘xtaldi.

- Yaqinda jamg‘arma xodimlari Turkiyada bo‘lib, Amir Temur va Boyazid o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang manzilida bo‘ldi, - dedi jamg‘arma raisi. - U yerga ikki xalq o‘rtasida do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash va abadiylashtirish ramzi sifatida daraxt ko‘chatlari ekdik. Zero, bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stona munosabatlar rivojlanyapti.

Shuningdek, tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Adhambek Alimbekov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi rahbari Xurshid Fayziyev Sohibqironning ilm-fan homiysi, bunyodkorlik ishlari haqida to‘xtaldi.

Tadbirda samarqandlik bir guruh faollar “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi”ning esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Sulaymon Mardiyev.