Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Amir Temur: Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim

Sohibqiron Amir Temur markazlashgan davlatga asos solish bilan birga uni har tomonlama mustahkamlab, shon-shuhratini butun jahonga yoydi, millatlar va xalqlarni birlashtirdi. Mamlakat iqtisodiyoti, madaniyat, ilm-fan, me’morchilik, tasviriy sanat, musiqa va adabiyot yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi.

Amir Temur mamlakatda yaxlit iqtisodiy tizimni shakllantirish va mustaqil moliya siyosatini olib borish maqsadida yagona pul-kredit siyosatini joriy qildi. Iqtisodiy islohotlarni mamlakatni rivojlantiruvchi va mustahkamlovchi kuchli omil ekanligini anglagan holda, moliya munosabatlari, aholi farovonligini ta’minlash uchun ijtimoiy himoya hamda moddiy rag‘batlantirish masalalari, tashqi va ichki savdoni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratdi. Bu uning olib borgan pul-kredit siyosati, aholini kam ta’minlangan qismiga ko‘rsatgan iqtisodiy yordam chora-tadbirlari, mamlakatlar o‘rtasida olib borgan o‘zaro manfaatli diplomatik aloqalarida o‘z aksini topadi. Jumladan, “Tuzuk”larida shunday deydi: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashuviga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa, sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi”.

U moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishni jamiyat, jamoa va shaxsni harakatga keltiruvchi ulkan kuch deb qaradi. Moddiy rag‘batlantirish tizimidan keng foydalanish tufayli amirlar, sayyidlar, ulamolar, sipohlarni o‘z atrofiga birlashtirib, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minladi. Egallagan vazifasi va bajargan xizmatiga qarab, ishchi-xizmatchilari maoshini darajama-daraja oshirish tizimini joriy etdi. Bu hozirgi zamonda amal qilayotgan tarif setkasini eslatadi. Amir Temur bunday tizimni XIV asrning ikkinchi yarmida joriy etgan bo‘lsa, bizda esa shunga monand tizim 1992 yilda joriy qilindi.

Qo‘shinining jangovarlik ruhini ko‘tarish, muxolif kuchlar ustidan g‘alaba qilish, ko‘zlangan maqsadga tezroq erishish uchun moddiy manfaatdorlik tamoyilidan ustalik bilan foydalangan. Sipohiylarning oylik haqlari vaqtida berilgan. Uning mamlakat ichki va tashqi siyosatida barqarorlikni ta’minlashda, raiyatning turli qatlamlari orasida birlikni vujudga keltirishda, turli elat va millatlarni markazlashgan davlat atrofida birlashtirishda moddiy rag‘batlantirish tamoyiliga amal qilishi katta natijalarga olib keldi. Buni Sohibqironning quyidagi so‘zlari va amaliy ishlarida ko‘rish mumkin:

“- xayri ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim;

  • amirlarim va sipohiylarimni martaba va unvonlar, zaru zevarlar bilan xushnud etdim. Dirham va dinorlarni ulardan darig‘ tutmadim;
  • sayyidlar, ulamo, shayxlar va boshqa diniy arboblarga suyurg‘ol belgilab, har birining vazifasini tayin qildim;
  • har el va har mamlakatning ulug‘larini, boshliq - oqsoqollarini qadrladim, ularga sovg‘a-salomlar berib, xizmatlaridan foydalandim;
  • ahli majlis bo‘lmish sayyidlar, olimlar, fozil kishilar, hakimlar, tabiblar, munajjimlar, qissaxonlar, xabarchilar, tarixchilarga o‘z hollariga qarab suyurg‘ol, vazifa va maosh belgilasinlar deb buyurdim;
  • raiyat, har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim”.

Shuningdek, Sohibqiron aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida ham izchil iqtisodiy siyosat olib borgan. Ishsizlik o‘sha zamonlarning ham katta ijtimoiy illati hisoblangan. O‘sha zamonda mehnat bozori juda sust rivojlangan edi. Shuning uchun ishsizlik gadolar sonining ko‘payishida namoyon bo‘lardi.

Amir Temur gadolikka mamlakatni xunuk ko‘rsatuvchi omil deb qaradi va bu ijtimoiy illatning iqtisodiy ildizini yo‘qotmasdan uning oldini olish mumkin emasligini aniq tahlil qilgan holda ijtimoiy himoya qilishning turli usullaridan foydalandi.

Birinchi navbatda, aholining ijtimoiy jihatdan nochor tabaqalari - ojizlar, shol, ko‘r, cho‘loq, qarilik sababi bilan ishlay olmaydiganlar nafaqa bilan ta’minlandi. Ma’lumotlarga qaraganda, xazinaning o‘n foizi shu maqsadda sarflangan.

Ikkinchi navbatda, mehnatga qobiliyatli, bilagida kuchi bor faqiru miskinlar, gadolarni ish va hunar bilan taminlash chora-tadbirlari amalga oshirildi: “Yana buyurdimki, har mamlakatning gadolariga vazifa yuklab, ish bersinlar, toki shu yo‘l bilan gadolik rasmi yo‘qotilsin”. Gadolikni kasb qilib olganlar, nafaqa olib ham gadolik qiluvchilarni mamlakat hududidan haydab yuborish jazo choralari ko‘rildi.

Amir Temur davlati ijtimoiy himoya tizimining eng muhim xususiyati shundan iborat ediki, unda aholining turli qatlamlariga qat’iy tabaqalashtirilgan tarzda yondashilgan va ijtimoiy himoya moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan jamiyat azolariga yo‘naltirilgan. Agar fuqarodan birining uy-joyi buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar yetkazib berilib, uy egasiga yordam ko‘rsatilgan.

Qaysi bir sipohiy xizmatda yurib qarilik yoshiga yetsa, u ulufadan (maoshning turi) mahrum etilmagan va martabasidan tushirilmagan. Aholini ijtimoiy himoyalash masalalari, albatta, har bir mamlakat va elatlarning milliy an’analari va urf-odatlariga tayangan holda amalga oshirilgan. Aholini ijtimoiy himoyalash tizimida mahalla-guzarlar alohida rol o‘ynagan.

Ayniqsa, maorif, sog‘liqni saqlash, musofirlarga yordam ko‘rsatish, suv chiqarish, ko‘priklar qurish davlatning yordamiga muhtoj bo‘lgan. Shuning uchun Amir Temur aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar (darvishlar, qalandarlar, g‘arib, miskinlar to‘xtaydigan, istiqomat qiladigan joy) bunyod etgan, yo‘lovchi musofirlar uchun yo‘l ustiga rabotlar, daryolar ustiga ko‘priklar qurilgan.

O‘z navbatida, Amir Temur ilmning qadriga yetgan, uni rivojlantirishga astoydil bel bog‘lagan, dunyoning eng yetuk olimlari, tarixchilari bilan bemalol suhbatlasha oladigan donishmand hukmdor edi. Shu bois uning xonadonida farzandlar (shahzodalar, malikalar)ga ilm-fanning turli sohalaridan saboq berilgan. Shu tufayli uning avlodlaridan Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Gulbadanbegim, Zebunniso kabi shoirlar, olimlar, muarrixlar, ma’naviyat va ma’rifat homiylari yetishib chiqdi. Mirzo Ulug‘bek Samarqandda astronomiya maktabiga asos soldi va zamonasining ilg‘or rasadxonalaridan birini qurdirdi. Bu rasadxonada olib borgan ilmiy tadqiqod ishlari va izlanishlari natijasida, 1018 ta yulduz tarifini o‘z ichiga olgan Ziji jadidi Ko‘ragoniy jadvali jahon astronomiya faniga ulkan hissa qo‘shdi va butun bashariyatning bebaho mulki bo‘lib qoldi.

Qolaversa, jahon adabiyotining buyuk namoyandalari hisoblangan Alisher Navoiyning ijodi, Lutfiy va Husayn Boyqarolar she’riyati, allomalar Qozizoda Rumiy va Ali Qushchi asarlari, Kamoliddin Behzodning bebaho miniatyura rasmlari, Zahiriddin Muhammad Boburning tarixiy “Boburnoma” asari, muarrixlar G‘iyosiddin Ali, Sharafiddin Ali Yazdiy, Xondamirlarning solnomalari - barcha-barchasi Temuriylar davrining mahsulidir.

Bunyodkorlik Sohibqiron davrida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. U o‘z mamlakatidagina emas, balki boshqa yurtlarda ham bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Dastlab saltanat poytaxti hisoblangan Samarqandni dunyoning eng obod shahriga aylantirdi. Uning ulug‘vorligini ko‘rsatish uchun shahar atrofida Damashq, Bag‘dod, Misr, Sheroz, Sultoniya kabi dunyoning mashhur shaharlari nomlari bilan atalgan qishloqlar barpo qildirdi.

Samarqandda Ko‘ksaroy, Amir Temur jome masjidi, Bibixonim madrasasi va masjidi, Qusam ibn Abbos me’moriy majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Shahrisabzda Dorut-tilovat majmui, muhtasham Oqsaroy kabi inshootlarning barpo etilishi Sohibqironning yuksak aql-zakovati, o‘tkir zehni, ijodkorligi va ma’rifatparvarligi namunasidir.

Lola XALIKOVA,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti.

Mehrangiz MULLAYeVA,

Samarqand davlat universiteti talabasi,

Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori.