Shaharlarda yo‘llarni kunduzi ta’mirlash taqiqlandi

Prezident raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Dastlab oxirgi 7 yilda bu borada ko‘p ishlar qilingani ta’kidlandi. Yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratildi. Bu 2017 yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.
Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga kelish 50 foizga kamaydi.

Shuningdek, 3 ming 365 nafar yo‘l harakati xavfsizligi xodimlariga elektron planshet va bodikamera olib berildi. Qoidabuzarliklarni sun’iy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi.
Haydovchilik huquqiga imtihon, yo‘l chiziqlari chizish, texnik ko‘rik kabi 8 ta xizmat tadbirkorlarga autsorsingga berildi.

Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilindi.
O‘tgan oyda ham haydovchilarga qator yengilliklar berildi. Birinchi bor huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yo‘lga qo‘yildi. Yo‘l chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi. Jamoat transporti uchun mo‘ljallangan tasmalarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi.
Shaharlarda yo‘llarni kunduzi ta’mirlash taqiqlandi. Radar bor joyda yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ldi.