25 yilda Kofirqal’adan nimalar topildi?

Kofirqal’a yodgorligi Darg‘om kanalining chap qirg‘og‘ida, Afrosiyobning janubiy tomonida, Samarqand shahridan 18 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Eramizning VII-VIII asrlarida Samarqand hukmdorlarining yozgi qarorgohi bo‘lgan ushbu arxeologiya ob’yekti arab istilosi davrida vayron qilinib, yoqib yuborilgan.
Yodgorlikda 1991 yilda Yahyo G‘ulomov nomidagi arxeologiya institutining arxeologik otryadi tomonidan dastlabki qazishma ishlari boshlangan. 2001 yildan O‘zbekiston-Italiya hamda keyingi yillarda O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro qo‘shma ekspeditsiyalari olimlari hamkorligida tadqiqotlar olib borilmoqda.
Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida Kofirqal’a yodgorlik majmuasida 25 yil davomida amalga oshirilgan arxeologik qazishma ishlari taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda o‘zbekistonlik va italiyalik arxeolog-olimlar tomonidan yodgorlikdan topilgan ashyolarning ahamiyati haqida gapirildi.
- Kofirqal’ada o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqotlarimiz davomida nafaqat Samarqand yoki O‘zbekiston, balki o‘sha davrda Yevropaning muhim davlati hisoblangan Vizantiya, Xitoy va Hindiston tarixiga oid ashyolar topildi, - deydi O‘zbekiston-Italiya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi rahbari Semione Montelleni. – Jumladan, turli davrlarga tegishli qadimiy buyumlar, hukmdorlar nomalariga yopishtirilgan yelim muhrlar, bronza, kumush, oltin tangalar hamda boshqa har xil ashyolar topishga erishdik. Bu shundan dalolat beradiki, bundan 1,5 ming yil muqaddam Kofirqal’ada joylashgan Samarqand hukmdori saroyiga turli mamlakatlardan elchilar, savdogarlar kelib turgan, savdo va madaniy aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Kofirqal’a shaharchasi mahobati, me’morchilik yechimlari bilan Buxoro hukmdorlarining qarorgohi - Varaxsha yodgorligiga juda o‘xshaydi. X asrda Samarqandga kelgan arab geografi Ibn Xavqalning yozishicha, Samarqand hukmdorlarining shahar chekkasidagi qarorgohi Rivdad degan manzilda bo‘lgan. Sayyoh bu yerga kelganida Rivdad anchayin xaroba holda yotgan. Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, Samarqand hukmdorlari bu yerga kelib, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlaganlar. Bunday bayramlarda hukmdorga qimmatbaho sovg‘a-salomlar in’om etilgan.
- Qadimiy shaharning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, ark, shahriston va rabotdan iborat, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Yodgorlikda saqlangan madaniy qatlamlar asosan uch davrga - birinchi davr VII-VIII asrlarga, ikkinchi davr VIII asrning ikkinchi yarmiga, uchinchi davr X-XII asrlarga oid. Kofirqal’a arkining birinchi qurilish davrini qazish paytida ko‘plab noyob osori-atiqalar qo‘lga kiritildi. Shulardan biri loydan yasalgan bullalar (bulla – muhr, hukmdor yoki amaldor muhrining loydagi nusxasi)dir. Bullalar o‘ta noyob arxeologik topilma bo‘lib, odatda hukmdor yoki yirik amaldorlarga aloqador yodgorliklarda uchraydi. Bu yerdan topilgan yog‘och panno esa Sug‘d san’atining noyob namunasi hisoblanadi. Panno ikkita keng va qalin taxtani temir mixlar bilan o‘zaro birlashtirishdan hosil bo‘lgan. Pannoning sirtida har xil liboslarda, qo‘llariga turli xil asboblar, buyumlar va sovg‘a-salomlar ushlab olgan yuzlab odamlarning shakllari o‘yib ishlangan. Ushbu kompozitsiyaning asosiy syujeti – ma’budaga sig‘inish, sovg‘a-salomlar ehson qilish sahnasidan iborat.
Ayni paytda yodgorlikdan topilgan qadimiy devorlar va tarixiy ashyolarini asl holatda saqlash, davrini to‘liq aniqlash va tadqiq qilish jarayonlari davom etmoqda.
Fazliddin Ro‘ziboyev.