Sudlar faoliyati sarhisob qilindi

Viloyat sudi raisi va sudlov hay’ati raislari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida joriy yilning olti oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotlar berildi.

Tabiiyki, viloyat, tuman, tumanlararo (shahar) sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

- Joriy yilning birinchi yarmi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman-shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada 40 ming 146 nafar shaxsga nisbatan 35 ming 572 ta jinoyat ishlari, materiallar mazmunan ko‘rib tamomlangan, - deydi viloyat sudi raisi Olim Hayitov. - Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,9 foizga oshgan. Shundan 3634 shaxsga nisbatan 2838 ta jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan shaxs soni 402, ish soni esa 349 taga ko‘paygan.

Qayd qilinishicha, ishi ko‘rib tamomlangan shaxslarning 740 tasi yoki 20,4 foizining ishi harakatdan tugatilgan, shundan 711 tasi yoki 19,6 foizining ishi yarashuv asosida tugatilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida 35 marta umumlashtirish o‘tkazilgan, 6 ta taqdimnoma chiqarilib, tegishli korxona-tashkilotlarga yuborilgan.

Sudlov hay’atlarida 18 marta rayosat yig‘ilishlari o‘tkazilgan. Yig‘ilishlarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi yuzasidan tuman-shahar sudlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasidan sudlarga 2265 ta kelib tushgan. Shundan 2195 ta murojaat o‘rganib chiqilib, 2135 tasining mualliflariga tushuntirishlar berilgan. Bundan tashqari, 58 ta murojaat ijobiy hal qilingan hamda 2 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan.

Viloyat, tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari shaxsiy qabulida 1531 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Ushbu murojaatlarning 73 tasi qanoatlantirilib, 1456 tasi yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli tushuntirishlar berilgan.

Aholining huquqiy madaniyatini yanada oshirish, sud-huquq islohotlarini doimiy targ‘ib qilish, qonunchilikdagi yangiliklarni sharhlash, sudlar faoliyatinining shaffofligini ta’minlash borasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Matbuot anjumani davomida ham yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.