Amriddin shoirlikdan qanday voz kechgan edi?

Amriddin Berdimurodov iste’dodli tarixchi olim, arxeolog, taniqli ziyoli. 

Bir suhbatda bu do‘stim quyidagi qiziq voqeani aytib berdi:

- Men ham o‘spirin va yoshligimdan she’riyatga havas qo‘yganman, tuman gazetasi va o‘sha zamondagi o‘quvchilar nashrlariga she’rlar yuborganman, ayrimlari chop etilgan.

SamDU tarix fakultetini bitirib, arxeologiya ilmiy-tadqiqot institutida ishlab yurganimda vaqtim borligi va adabiy muhitga yaqin bo‘lganligim bois nazm bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. Ayrim hamkasblarim va ijodkorlar mashqlarimni  e’tirof etgani boismi, bilmadim, qo‘lyozmalarimni papkaga jamlab, Toshkentga  - O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  raisi Abdulla Oripovga ko‘rsatishga jazm etdim.

Juma, shanba kunlari ishdan so‘rab  ikki-uch marta borib, topa olmadim. Lekin ayrim "mehribon" akalarimiz "Siz mashqlaringizni nashrlarga olib boring, kattaroq shoirlarga ko‘rsating, sizdan katta shoir chiqadi ", deganidan keyin yana uyushmaga qatnaydigan bo‘ldim. Shunday kunlarning birida uyushma qabulxonasida qoshi qalin, mo‘ylabli bir kishi mendan so‘radi:

- Uka, anchadan buyon shu yerda ko‘raman, Abdulla akaga biror ishingiz bormi?

- Ha, she’rlarimni ko‘rsatmoqchiydim…

- Mashqlarimni deng. Katta shoir oldiga kelganda odatda shunaqa deyiladi, - jilmaydi u kishi. - Ha, mayli, qaror qilibsizmi, ko‘rsating.

Haligi odam qo‘limdagi papkani olib, bir-ikkita she’rni ko‘rgandek bo‘ldi-yu, jilmaygansirab chiqib ketdi.

Kelasi hafta ham uyushmaga bordim. Shunaqa bir orzu va kayfiyat qanotidamanki, go‘yo agar she’rlarimni katta shoirimiz ko‘rsa va duo qilsa, ertasiga elga tanilib ketaman. Abdulla aka qaysidir viloyatda tadbirda ekan. Tasodifni qarang, haligi odam yana qabulxonaga kirib keldi. Meni ko‘rgach, o‘zini tanishtirdi.

- Men Shukur Qurbon degan shoirman. Bu yurishingizda Samarqanddan har kuni qatnasangiz ham raisimizga duch kelishingiz muammo. Yuring, yaxshisi biznikiga borib, she’riyat yuzasidan muloqot qilamiz.

Yuragimga iliqlik yugurdi. Bu imzodagi she’rlarni ham o‘qiganim, hayratga tushganim uchun Shukur akaning ortidan ergashdim. Eski shaharning tor ko‘chasidagi xarobgina uyda ijarada turar ekan. Ikkalamiz do‘kondan u-bu narsa olib, yegulik tayyorladik. Yashirmayman, badanni ozgina "qizitib" ham oldik. Keyin she’rlarimni o‘qib, o‘zaro fikrlashdik. Har bitta she’r tahlili tugagach, bu nazm bilimdoni xulosalaridan so‘ng popugim pasayganini seza boshladim. Negaki, men filologiya emas, tarix fakultetida o‘qiyman, adabiyot fanidan chuqur bilimga ega emasman. Lekin bu suhbatni unutmayman, chunki u menga juda foydali bo‘ldi.

- Amriddin, bilimingiz, aytadigan fikringiz menga yoqdi. O‘ziga xos tashbehlar ham yo‘q emas. Ammo Yozuvchilar uyushmasi raisiga mashqlaringizni ko‘rsatganingiz bilan yoki u kishining bitta duosi bilan shoir bo‘lib qolmaysiz. Shoirlik o‘rgatib yoki boshqarib bo‘ladigan ish emas. Hatto ul-bul narsasi matbuotda umuman bosilmagan kuchli shoirlar ham bor. She’r yozishni o‘rgatib bo‘lmaydi. Shuning uchun bu orada homiy yoki ustoz izlab yurmang, - dedi xayrlashayotib Shukur aka.

Mehmonxonaga kelib, she’rlarimni yana bir o‘qib chiqdim, Shukur aka aytgan e’tirozlarni tuzatganday bo‘ldim, baribir ko‘ngil to‘lmadi. Ammo o‘sha kecha qat’iy qaror qildim: shoirlik mening ishim emas!

Ertalab barvaqt avtobekatga borib, birinchi avtobus bilan Samarqandga jo‘nab  yubordim.

Aytganday, she’rlarimni haliyam o‘sha papkada saqlayman, ular mening tuyg‘ularim farzandlari.

Ha, u qat’iyat topa oldi, o‘zining qaysi sohada elga ko‘proq foyda keltirishini angladi, shuhratparastlikdan voz kechdi. Amriddin Berdimurodovning bu holatini yozar ekanman, hozir ham ijodda shunday mardlar topilarmikan, degan andishaga boraman. Ikkita she’rini ashula qildirib shuhrat, 500 nusxadan ikkita kitob chiqarib uyushma a’zoligini, tanlov g‘olibligini talab qilayotganlarga, kitobiga katta adiblardan "so‘zboshi" olishga intilayotganlarga aytgim keladi: hoy birodarlar, hamkasblar, hozir ham Samarqandning bir burchagida xokisorgina ijod qilayotgan taniqli olimga uchrashib, bir ziyorat qilinglar, nima uchun she’r yozmayotganligini bir so‘ranglar, she’r yozish boshqa, uni elga ovoza qilish boshqa narsa, degim keladi.

Farmon TOShEV.