An’ananing yuki og‘ir

Samarqandda ijodkor bo‘lishning mas’uliyati og‘ir. Chunki Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin kabi ma’rifatparvar jadidlar aynan shu yurtda o‘tgan asrning boshida milliy matbuotimiz tamal toshini qo‘yganlar.
Samarqand jurnalistika maktabi mamlakatimiz ijtimoiy muhitida doimo o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Albatta, biz ishlagan paytda sharoit, gazetaga nuqtai nazar boshqacha edi. Oshkoralik sari borilayotgan hozirgi davr talabi boshqacha. To‘g‘ri, so‘zning jamiyatga foydali ekanini shu jamiyat odamlari sezishyapti.
Viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan gazetalar, televideniye, radio, internet saytlari, blogerlarning jamiyat hayotidagi faolligini, ular o‘rtasidagi raqobatni ko‘rib quvonaman. Jurnalist bundan keyin ham xalqning eng yaqin kishisi bo‘lib qolishiga ishonaman. Bayram muborak, aziz hamkasblar!

Obloqul USMONQULOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.