Andijon viloyati hokimi ustozlarga ta’zim qilib, Marhamatdagi voqea bo‘yicha uzrli munosabat bildirdi

Andijonda o‘qituvchilar tik turgan holda ota-onalar oldida uzr so‘ragani keng muhokamalarga sabab bo‘lgani haqida xabar qilingandi.

Holat yuzasidan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham murojaat bilan chiqdi.

"Bugun ijtimoiy tarmoq, jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab muhokamalarga va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holat, ustoz-murabbiylarimizning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat ekanligini ko‘rish mumkin.

Bu bilan ustozlarimizga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda «ayrim» rahbarlarning ma’naviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Men Andijon viloyati hokimi sifatida mazkur holatni o‘z nazoratimga olib, meni boshchiligimda alohida ishchi guruh tuzildi.

Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlayman.

Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero, doimo ustoz va murabbiylarimiz oldida ta’zimdamiz", deyiladi murojaatda.

Shuningdek, Marhamat tumani hokimi B.Yuldashev barcha ustoz-murabbiylardan holat uchun uzr so‘ragan.