AQSh O‘zbekiston va Tojikistonga afg‘onistonlik harbiylar olib qochgan ellikta samolyotini bermoqchi
Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondagi terrorchilarga qarshi kurashda yordam evaziga O‘zbekiston va Tojikistonga 50 ga yaqin harbiy samolyotlar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Politico.
Pentagon mulozimiga ko‘ra, Vashingtonning maqsadi O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga chegaralarni himoya qilish va terrorizmga qarshi kurash nuqtai nazaridan samolyotlar berishdir.
“Mudofaa vazirligi hozirda hech qanday maqsadda AQSh harbiy kuchlarining Markaziy Osiyoda biron-bir tayanch yoki doimiy bo‘lishiga intilmayapti”, - dedi Pentagon matbuot kotibi Robert Lodvik.
Politico nashrining aniqlik kiritishicha, gap Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlari uchuvchilari Kobulni Tolibon tomonidan o‘tgan yil yozida qo‘lga kiritgandan so‘ng O‘zbekiston va Tojikistonga yetkazib bergan 46 ta samolyot haqida ketmoqda.
Nashrning yozishicha, yetkazib berilgan mashinalar orasida C-208 samolyotlari, A-29 Super Tucano yengil hujumchi samolyotlari, shuningdek, Mi-17, Mi-25 va UH-60 Black Hawk vertolyotlari bor.