AQShda Tramp ma’muriyatining muhojirlarga nisbatan joriy qilgan "nol bag‘rikenglik" siyosati bekor qilinadi

Amerika adliya vazirligi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy qilingan AQShga noqonuniy ravishda kirib kelgan muhojirlarga nisbatan "nol bag‘rikenglik" siyosatini bekor qilib, ko‘rib chiqilayotgan ishlarning har biriga individual yondashishni talab qildi.

"Jinoiy ishlarini individual baholash prinsipiga muvofiq men ushbu yo‘riqnomani bekor qilaman, qaror shu zahotiyoq kuchga kiradi", - deb yozdi Bosh prokuror vazifasini bajaruvchi Monti Uilkinson federal prokuraturasiga yuborgan xatida, deyiladi The Hill nashrida.

Uilkinsonning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligi jinoiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni shaxs federal qonunni buzganligi va bunga dalillar mavjudligiga asoslanib qabul qilish kerakligini «ko‘p vaqtdan beri ta’kidlab kelmoqda».

"Siyosat o‘zgarishi mumkin, bizning vazifa va burchimiz esa har doim bir xil: qonunga muvofiq adolatga erishish", dedi Uilkinson.

"Nol bag‘rikenglik" siyosatini yo‘q qilish Bayden ma’muriyatining Tramp davridagi immigratsiya cheklovlarini bekor qilishga qaratilgan birinchi urinishlaridan biri bo‘ladi, deyiladi nashrda.

Trampning 2018 yildagi "nol bag‘rikenglik" siyosatiga binoan AQShga noqonuniy ravishda kirib kelgan katta yoshdagi kishilar sudga tortildi, ularning farzandlari esa sog‘liqni saqlash yoki ijtimoiy xizmatlarga, maxsus ijtimoiy saqlash markazlariga joylashtirildi. Oqibatda 6 mingga yaqin bola ota-onasidan ayrildi va ushbu siyosat kuchli tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi.

Juma kuni Bayden bir-biridan ayrilgan oilalarni birlashtirish ishchi guruhini tuzish, shuningdek immigratsiya bilan bog‘liq boshqa buyruqlarni imzolashi kutilmoqda.

G.Xoldorova tayyorladi.