Aravachadagi baxtiyor kishilar

Yaponlarda shunday maqolga aylangan gap bor: "Inson mehrga muhtoj, kuchli - ojizga, yosh - keksaga, sog‘lom - xastaga yordam berishi kerak. Negaki, ertami-kechmi, ularning holiga tushishi mumkin".
Bu yurtda birinchi marta bo‘lgan kishi ko‘chada nogironlar ko‘pligidan hayron qoladi. Aslida ular dunyodagi har qanday shahardagidan oz. Chunki boshqa mamlakatlarda nogironlar uydan ko‘chaga chiqish imkoniyatiga ega emas.
Kunchiqar mamlakatda esa hammasi boshqacha. Jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar aravachalarda bemalol yo‘laklarda harakatlanishadi, do‘konlarga kirishadi, muzeylarni tomosha qilishadi. Jamoat transportidan foydalanishadi, taksilarda ketishadi, maxsus jihozlangan shaxsiy avtomobillarda yurishadi. Boshqacha aytganda, oddiy odamlar qatori to‘laqonli hayot kechirishadi.
Yaponiyada o‘tgan asrning 90-yillar boshlarida qabul qilingan «Nogironlarga nisbatan siyosat» dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmokda. Uning maqsadi – imkoniyati cheklangan fuqarolarni boshqalar qatorida erkin harakatlanishi, ishlashi, dam olishi, hayotdan zavq olishiga sharoit yaratib berish.
Yaponiyada hamma joyda nogironlik aravachasida harakatlanish uchun maxsus panduslar – chiqish, tushish joylari bor. Ular xavfsizlik panjaralari ko‘tarma moslamalari bilan himoyalangan. Yo‘laklar, tunnellar, jamoat transportlari shunday maxsus moslamalarga ega.
Ko‘zi ojizlar uchun chorrahalarda svetoforlar chirog‘i yonishi ovozli signal bilan ma’lum qilinadi. Tablichka ko‘rsatkichlari Brayl shrifti bilan ta’minlangan. Ana shunday qulaylik bilan ta’minlanganlik tufayli ko‘zi ojizlar shahar ko‘chalarida bemalol harakatlanishadi. Univermaglarga kirishadi, kasalxonalarni, jamoat binolarini adashmay topib borishadi.
Liftsiz uylarda nogironlar birinchi qavatda yashashadi. Liftli uylarda esa nogironlik aravachasini olib chiqish, tushirish uchun maxsus kanat ko‘targichlar ishlab turadi.
Teatr, kinozal, hammomlar, basseynlarda nogironlar uchun joylar bor. Ularning o‘qishi, ishga qabul qilinishi va sog‘lom kishilar bilan teng hayot kechirishi, jamoat ishlarida ishtirok etishida imtiyozlar joriy etilgan.
«Mir novostey» (2020, 23-son)dan T.Shomurodov tayyorladi.