O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari mahorati Singapurda e’tirof etildi

4-8 noyabr kunlari Singapurda bo‘lib o‘tgan 21-Butunjahon endoskopik jarrohlik kongressi (WCES-2025)da mamlakatimiz vakillari ham ishtirok etdi.

WCES-2025 minimal invaziv va robotlashtirilgan jarrohlik sohasidagi eng yirik va eng muhim global forumlardan biri bo‘lib, 70 dan ortiq mamlakatdan yetakchi mutaxassislarni birlashtiradi.

Tadbir Osiyo endoskopik va laparoskopik jarrohlar assotsiatsiyasi (ELSA) va Endoskopik jarrohlar jamiyatlari xalqaro federatsiyasi (IFSES) tomonidan tashkil etildi.

Bu galgi kongressning asosiy mavzusi endolaparoskopik jarrohlikda inqilob – jarrohlikning zamonaviy kelajagini shakllantiruvchi dinamik o‘zgarishlar va innovatsiyalar bo‘ldi.

Anjuman doirasida 80 dan ortiq ilmiy sessiyalar, 11 ta mahorat saboqlari, innovatsion texnologiyalar ko‘rgazmasi va “MIS Championship 2025” laparoskopik mahorat musobaqasi o‘tkazildi.

– Mazkur xalqaro forumda mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va boshqa hududlaridagi yetakchi tibbiy markazlarning 50 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari ishtirok etishi O‘zbekistonda endoskopik jarrohlik faol rivojlanib borayotganining yana bir yorqin dalili bo‘ldi, – deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazi direktori, professor Jamshid Shamsiyev. – Bu mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilishga oid davlat dasturlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlari samarasidir. Bizning markazimiz xodimlari kongres sessiyalarida bolalar endoskopik jarrohlik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha sakkizta ilmiy ma’ruza taqdim etdi va barcha ma’ruzalarimiz ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Xususan, bolalarda laparoskopik jigar exinokokkektomiyasi, shoshilinch laparoskopik jarrohlik amaliyotlari, qizilo‘ngach kimyoviy kuyishlarini davolashning zamonaviy jarrohlik yondashuvlari bo‘yicha tajribalarimizni xorijlik hamkasblarimiz e’tirof etdi. Biz O‘zbekistonning jahon tibbiyotida o‘zini ishonchli namoyon etayotgani, professionallik, innovatsion fikrlash va mukammallikka sodiqligini namoyish etayotganidan faxrlanamiz.

Darvoqe, professor Jamshid Shamsiyev kongressning “Pediatriyada minimal invaziv jarrohlik yutuqlari” shu’basiga raislik qildi va buni olimning uning sohani rivojlantirishga qo‘shgan hissasining munosib e’tirofi deyish mumkin. Uning rahbarligida 2017 yildan buyon nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 274 nafar Osiyo endoskopik va laparoskopik jarrohlar assotsiatsiyasi a’zolari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Buning natijasida Markaziy Osiyo endoskopik jarrohlik bo‘yicha jadal rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylandi.

E’tiborli jihati, mamlakatimiz vakillari “MIS Championship 2025” laparoskopik mahorat musobaqasida yuqori darajadagi amaliy ko‘nikma va tayyorgarligini namoyish etib, uchinchi o‘rinni egalladi.

Kongress qatnashchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning “WCES- 2025”dagi ishtiroki nafaqat tajriba almashish, balki mamlakatimiz tibbiyotida innovatsiyalarni keng joriy etish uchun kuchli turtki bo‘ldi.