Erta ta’lim – kelajak poydevori: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro e’tirof
Ayni kunlarda Samarqandda o‘tkazilayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida ta’lim sohasida qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Ayniqsa, mazkur nufuzli tadbir arafasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YuNISEF hamda “Reggio Children Foundation” o‘rtasida erta ta’lim bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
Bu tashabbus har bir bolaning erta yoshdan boshlab yuqori sifatli ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgan islohotlar mantiqiy davomi bo‘lib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yana bir yorqin ifodasidir.
Keyingi yillarda yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida maktabgacha ta’lim tizimida izchil va mazmunli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda tizimni zamonaviy, inklyuziv va innovatsion muhit asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida tarbiyachilarning malakasini muntazam oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yo‘nalishida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu o‘zgarishlar maktabgacha ta’limni zamon talablariga mos yangi bosqichga olib chiqmoqda.
YuNESKO shafeligida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha II toifali mintaqaviy markaz O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Markaz faoliyati erta bolalik ta’limi sohasida mintaqaviy yetakchilikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish, siyosat tahlilini amalga oshirish hamda bilim va tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Bu esa nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNICYeF) bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini amalga oshirilmoqda. Mazkur halqaro tashkilot hamkorligida "O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida respublikamizning 11 ta hududida Maktabgacha ta’lim pedagoglari malakasini oshirish markazlar ochish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning may oyida shunday markaz Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida ham tashkil etildi. Bugungacha markazda 300 nafardan ortiq maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagoglarining malakasi oshirildi. Ayni kunda ular tarbiyalanuvchilarga bog‘cha yoshidan boshlab zamonaviy bilimlarni berib kelmoqda.
YuNESKO shafeligida tashkil etilayotgan mintaqaviy markaz hamda erta ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslar O‘zbekistonning global ta’lim maydonidagi faol va yetakchi ishtirokchiga aylanayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Mahbuba Rahimqulova,
viloyat pedagogik mahorat markazi maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi mudiri, dotsent.