Samarqand haqida so‘z: Dunyo qalblarini birlashtirgan maktublar marafoni

Har yili kuzda ikki oy davom etadigan keng qamrovli madaniy-ma’rifiy marafon — “Samarqand haqida so‘z: bu shahar haqida o‘ylagimiz, orzu qilgimiz va so‘zlagimiz keladi” nomli xalqaro maktublar kunlari o‘tkaziladi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) huzuridagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi hamda “Samarqandiyona” ensiklopedik loyihasi hamkorligida tashkil etiladigan ushbu xalqaro tashabbusning bosh maqsadi — xalq diplomatiyasi vositasida Samarqand haqidagi so‘zlar, fikrlar va tuyg‘ular butun dunyo bo‘ylab yangrashi, bu qadimiy shahar nomi insoniyat xotirasida yana bir bor jonlanishidir.

Ushbu madaniy-ma’rifiy marafon bu yilgi YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bag‘ishlanib, jahon ilmiy va madaniy hamjamiyatining e’tibori aynan Samarqandga qaratilgan bir pallada o‘tkazilayotgani bilan yanada ramziy ahamiyat kasb etadi.

Bu loyiha doirasida yozilgan minglab maktublar turli tillarda dunyoning barcha burchaklariga uchib ketdi.

Har bir maktub, har bir so‘z orqali inson o‘zining qadimiy shahar haqidagi tasavvurini boshqalarga yetkazadi. Shu tariqa yana bir bor Samarqand xalqlar va madaniyatlar, an’analar va yangiliklar, Sharq va G‘arb, Janub va Shimol uchrashadigan maskan sifatida yodga olinadi.

Biz bu safar Samarqandni yuragida yashagan barcha insonlarga murojaat qildik: Siz uchun Samarqand nimani anglatadi? U sizning xotirangizda qanday manzaralarda, qanday hislarda yashaydi? Va eng muhimi — bugun siz unga nima tilamoqchisiz?

Bu savollarga javob sifatida yozilgan har bir maktub, aytilgan har bir so‘z odamlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi ko‘prik, insoniyatni yagona qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi yurak sadosidir. Bu tashabbusga dunyo ilm-fani, madaniyati va siyosati namoyandalari, shuningdek, turli mamlakatlardan oddiy insonlar ham qo‘shilmoqda. Chunki Samarqand bu shunchaki shahar emas. Bu — yuraklarda yashaydigan, tafakkurda aks etadigan, insonni birlashtiradigan ruhdir.

Dunyoning eng olis burchagi — quyoshli Avstraliyadan dastlabki maktub yetib keldi. Unda shunday satrlar bor edi:

“Men hech qachon sizning shahringizda bo‘lmaganman, hatto unga yaqin joylarga ham bormaganman. Ammo nega, bilmadim, ’Samarqand so‘zi tilga olingan zahoti xayolimda bu shahar bilan bog‘liq uzun va hayratomuz tarix, turli xalqlarning taqdirlari tutashgan manzaralar jonlanadi. Sizlarga olis Avstraliyadan samimiy salom!”

Bu so‘zlar muallifi — taniqli yozuvchi va pedagog Trevor Stil, esperanto tilida yozilgan qator hikoya, qissa va romanlar muallifi. Uning samimiy so‘zlarida bir haqiqat mujassam — Samarqandning sehrli nomi hatto u borib ko‘rmagan yuraklarni ham zabt etadi.

 

Navbatdagi maktub kunchiqar davlat — Yaponiyadan, Tokio shahridan keldi. Uning muallifi – dunyo diplomatiyasida o‘z o‘rniga ega shaxs, YuNESKOning sobiq Bosh direktori doktor Koitiro Matsura. “Samarqandda o‘tkaziladigan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman. Men sizning “2760 yillik” shahringizda o‘tadigan bu nufuzli anjuman muvaffaqiyatli tashkil etilib, Samarqand tarixida yangi, shonli sahifa ochishiga chin dildan ishonaman. Sizlarga bu olijanob missiyangizda yanada yuksak zafarlar tilayman!”

 Koitiro Matsura — Yaponiyaning taniqli diplomati va jamoat arbobi, Yaponiya–Afrika jamiyatining prezidenti, shuningdek, YuNESKO Bosh direktori (1999–2009) lavozimida faoliyat yuritgan.

 Bu galgi maktub AQShdan, Nyu-York shtatining Ithaca shahridan keldi. Uni kim yozgan, bilasizmi? — 1981 yil kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, taniqli olim va faylasuf, professor Roald Xoffman.

U shunday yozadi: “Sizning loyihangiz uchun Samarqand haqida bir parcha so‘z yozmoqchiman. 1960–1961 yillarda Sovet Ittifoqida bir yil ilmiy amaliyot o‘taganimizda, amerikalik aspirantlar guruhi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘ylab sayohat qilgan edik.  O‘sha paytdagi — bundan oltmish to‘rt yil avvalgi — Samarqand va Buxorodan olgan taassurotlarimizni hanuzgacha unutganimiz yo‘q. Ulug‘bek rasadxonasini ziyorat etish — olim uchun beqiyos ruhiy tajriba. U yerda turib, inson go‘yo buyuk astronom bilan bevosita muloqotga kirishgandek bo‘ladi — oradan o‘tgan olti asr birdan yo‘qoladi.

 Biz Ulug‘bek bilan birdirmiz: osmon tomon ko‘tarilgan moviy gumbazlar shahrini bir xil tasavvur qilamiz. Bizni birlashtiradigan narsa — go‘zallikni his etish va olamni bilish istagi.”

Professor Xoffman, shuningdek, “Samarqand haqida so‘z – 2025” Xalqaro maktublar kunlari natijalarini intizorlik bilan kutayotganini bildirdi.

Bu satrlarda bir haqiqat bor: ilm va san’at tili har yerda bir — Samarqandni his etgan yuraklar chegarani tanimaydi.

Avstriyaning taniqli davlat va siyosat arbobi, Yevropa Ittifoqining sobiq tashqi aloqalar bo‘yicha komissari, doktor Benita Ferrero-Valdner Samarqandga bag‘ishlab shunday so‘zlar yozadi: Buyuk Ipak yo‘lining yuragi bo‘lgan Samarqand o‘zining o‘tmishdagi nafosati hamda hozirgi jozibasi, donishmand qiyofasi va ma’naviy salohiyati bilan meni hayratga soldi. Bu shahar — tarix va tafakkur, ilm va go‘zallik uyg‘unligining beqiyos timsolidir. Samarqand —chinakam mo‘’jiza!».

Uning so‘zlarida bir haqiqat bor — Samarqand haqida so‘z aytgan kishi, aslida insoniyatning o‘z yuksak qadriyatlari haqida so‘zlaydi.

Rossiya Xalq rassomi, Xalq san’ati akademiyasining a’zosi, asl kelib chiqishi samarqandlik bo‘lgan Vitaliy Petrovich Gubarev esa o‘z maktubida quyidagicha yozadi: “Aziz Samarqand! Sen haqingdagi 3000 yillik tarixiy xabarni eshitib, yuragim quvonchga to‘ldi.

 

Bolaligim o‘tgan, ruhimni tarbiyalagan shahrim — men seni chin dildan tabriklayman! Sen — Sharq go‘zalligi, insoniy donolik, mehr va saxovatning timsolisan. Tinchlik, muhabbat va baxt shahri bo‘lib abadiy yashagin! Senga mehnatda baraka, ilmda shon-shuhrat va taraqqiyot yo‘lida bitmas-tuganmas kuch tilayman!”.

Bu satrlarni o‘qir ekansiz, oddiy rassomning qalbidan chiqqan so‘zlar naqadar samimiy, naqadar yuksak ekanini his qilasiz. Zero, Samarqand — bu faqat xaritada emas, balki yuraklarda yashaydigan shahar.

Navbat AQSh poytaxti Vashingtondan “Markaziy Osiyo va Kavkaz” instituti direktori, taniqli olim, professor Frederik Starrning chuqur ma’noli maktubi yetib keldi. U so‘zini iliq, samimiy murojaat bilan boshlaydi:

“Sharqning munavvar durdonasi — Samarqand sharafiga! U qadimiy Maroqand — uch ming yillik tarix davomida madaniyat, san’at, din va siyosat markazi bo‘lib kelgan buyuk shahar! Shuningdek, hozirgi kunda bu go‘zal yurtning merosini asrab-avaylash, uni dunyo madaniyatining ajralmas qismi sifatida saqlab qolish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan Samarqand rahbarlariga ham ta’zim bajo keltiraman”.

 Yana bir samimiy maktub Meksika poytaxti Mexikodan keldi. Uning muallifi — taniqli olim, Meksika milliy avtonom universiteti (UNAM) huzuridagi Fizika instituti professori, YuNESKO ochiq fan bo‘yicha boshqaruv qo‘mitasi raisi, Kalinga mukofoti laureati Ana Mariya Setto.

“So‘zimning avvalida samimiy maktub uchun Sizga tashakkur izhor etaman. Ayniqsa, 2025 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasiga Samarqandning mezbonlik qilayotgani bilan sizni qutlayman. Ushbu tadbir jahon afkor ommasi e’tiborini xalqlar o‘rtasidagi tinchlik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lgan Samarqand shahriga qaratadi. Bugun bizga tinchlik madaniyati har qachongidan ham zarur. Tinchlikka faqatgina haqiqiy muloqot va madaniyatlararo aloqalar vositasida tafakkur va amallarimizni zo‘ravonlik, ochko‘zlik va nosog‘lom raqobat muhitidan tinchlik, birdamlik va hamkorlik muhitiga o‘zgartirishirish yo‘li bilangina erishish mumkin”.

 Amerikaning mashhur olimi va ixtirochisi, internet asoschilaridan biri, Google kompaniyasining vitse-prezidenti va “Chief Internet Evangelist” kompaniyasi yetakchisi, doktor Vinton Grey Cyerf Samarqandga bag‘ishlab quyidagi so‘zlarni yo‘lladi:

“Kamina maktab o‘quvchisi bo‘lgan kezlarda she’riy jurnal muharriri edim. Menga Umar Xayyomning ruboiylari hamda ingliz shoiri Samuel Teylor Kolerijning “Kubla Xon” dostoni manzur edi. O‘zim she’r ijod etgan chog‘larimda esa Samarqand hamisha uzoq va sirli, tinchlik va go‘zallik diyori sifatida e’tiborimni o‘ziga jalb etardi. O‘shanda u menga nihoyatda g‘aroyib tuyulgan edi va hamon shundayligicha qolmoqda”.

Mashhur fransuz jurnalisti, yozuvchi va sayohatchi Bernard Olliviyer Samarqand haqida quyidagicha yozadi:

“Samarqand borasidagi xabaringiz uchun minnatdorman. Sizning shahringiz — mening Ipak yo‘li bo‘ylab sayohatimdagi eng yorqin lahzalardan biridir. Yana ellik yil o‘tib, uzoq Sharqning asl tabiatini izlab, bu shaharga qaytaman”.

Darhaqiqat, bundan to‘liq chorak asr avval, ya’ni 2000 yilda Bernard Olliver Samarqandga piyoda safar qilgan, uch ming kilometrdan ortiq yo‘lni bosib o‘tgan.

Bu hayratomuz sayohat keyinchalik “Vers Samarcande / Walking to Samarkand” nomli mashhur kitobga aylangan.

 Bob Bimonning nomi jahon sporti tarixida oltin harflar bilan yozilgan. U 1968 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 8 metr 90 santimetr uzunlikka sakrab, 23 yil davomida yangilanmagan rekord o‘rnatgan edi. Bu natija hali-hamon Olimpiya rekordchisi sifatida sport tarixining eng ilhomlantiruvchi sahifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Samarqanddan kelgan taklif esa uning yuragida yangi ilhom uyg‘otdi. Zero, Samarqand — nafaqat tarixiy shahar, balki butun insoniyat uchun g‘urur va ilhom manbai.

“Samarqand – qanchalik uzoq bo‘lmasin, u har doim yuragimga yaqin” - Rossiyaning “kosmik poytaxti” hisoblangan, Samarqandning birodar shahri Samaradan samimiy maktub yetib keldi.  Uning muallifi — Rossiya fan va texnika sohasida xizmat ko‘rsatgan arbobi, texnika fanlari doktori, Samara davlat texnika universiteti professori Valentin Nikolayevich Mixelkevich.

“Meni “Samarqand haqida so‘z” nomli an’anaviy ravishda har yili o‘tkaziladigan xalqaro loyihada ishtirok etishga taklif qilganingiz uchun sizga tashakkur. Ne saodatki, yil mobaynida ajib kun mavjud bo‘lib, kishi afsonaviy shahar bilan maktublar almashish, unga bo‘lgan chin muhabbatini yana bir bor izhor etish imkoniga ega bo‘ladi. Samarqand meni eslab turganini his etish naqadar yoqimli, lekin men ham Samarqandni aslo unutganim yo‘q. Axir, do‘stlaring orasida oddiy bir inson emas, balki butun bir shahar bo‘lsa, bo‘lganda ham qanday ajoyib shahar! Bundan ortiq baxt bormi?!

Samarqandning do‘sti bo‘lish men uchun sharaf, ham mas’uliyatdir. Ana shu so‘nggi o‘nlab yillar davomida Samara shahridan turib, men Samarqandning ulug‘vorligidan mudom hayratga tushib, unga har gal qoyil qolaman. U men uchun hamon bir sirli, shu bilan birga nihoyatda yaqin, qadrli va aziz shahar bo‘lib qolmoqda. Men Samarqand singari asrlar oshmagan esam-da (axir, men endigina 99 yoshdaman!) biroq meni u bilan ko‘p jihatlar bog‘laydi. Yoshi ulug‘ inson sifatida men Zarafshon vodiysining qadimiy shahrida mujassam estetik qudratni tobora aniqroq his etmoqdaman”.

Fransiyaning taniqli tadqiqotchisi va fotografi, Samarqand shahrining faxriy fuqarosi, Temuriylar san’ati va tarixi bo‘yicha assotsiatsiya prezidenti va hammuassisi Frédérique Beaupertuis-Bressand o‘zining “Samarqand haqida so‘z”ini shunday yo‘llaydi: “Samarqand men uchun oddiy shahar emas. U allaqachon mening yuragimda o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan. Mana, oradan 37 yil o‘tdi — Parijda Temuriylar assosiasiyasi tashkil topganiga ham shuncha bo‘ldi. Bu 37 yil davomida chop etilgan asarlar, ilmiy tadqiqotlar, sayohatlar va bizning o‘zbek do‘stlarimiz bilan samimiy do‘stlik rishtalari demakdir”.

U so‘zi so‘ngida samimiy minnatdorligini ifoda etadi:

 “YuNESKOning Bosh konferensiyasi aynan Samarqandda o‘tkazilishi — bu tasodif emas. Bu tanlov — shahar nurini butun dunyoga taratishning ramziy ifodasi”.

 Bu maktub bir umr Samarqandni qalbida olib yurgan insonning yurak izhori. Frédérique Beaupertuis-Bressandning bu so‘zlarida bir haqiqat yashiringan: Samarqand — bu faqat o‘tmish shahri emas, u har bir qalbda porlab turgan nurdir.

 Anatoliy Ionesov,

SIUT qoshidagi “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi rahbari,

 Asila Ibragimova, SIUT matbuot kotibi.